Tokio Olimpiadasini Londonga koʻchirish taklif etildi
Foto:sportsdaily.ru
London meri boʻlish uchun kurashayotgan Shon Beyli Tokio-2020 Olimpiadasini Londonga koʻchirish imkoniyatlarini koʻrib chiqish kerak, degan taklifni ilgari surdi.
Beylining aytishicha, agarda koronavirus tarqalishi toʻxtamasa, Buyuk Britaniya poytaxtida Olimpiadadek ulkan tadbirni oʻtkazish uchun tajriba ham, infratuzilma ham yetarli.
Oʻz navbatida, Tokio gubernatori Yuriko Koike taklifni keskin tanqid qildi.
“Ushbu muammodan merlikni egallash manfaatlari yoʻlida foydalanishga urinish nooʻrin. Bu muammo butun dunyo eʼtiborini tortishi sayyohlik layneri (“Diamond Princess”) bilan bogʻliq. Biroq ayni shu kema Buyuk Britaniyaga tegishli. Umid qilamanki, mana shu jihatlar ham eʼtiborga olinadi”, — dedi Tokio gubernatori.
Bungacha Tokio olimpiadasi tashkilotchilari ham koronavirus tufayli jiddiy oʻzgarishlarga qoʻl urishga hali ancha erta ekanini taʼkidlashgandi. Xalqaro olimpiya qoʻmitasi ham oʻyinlarning oʻtkazilish joyini koʻchirish, bekor qilish yoki oʻzgartirishga zarurat yoʻqligini taʼkidlagandi.
Eslatib oʻtamiz, Yaponiyada koronavirusdan kasallanganlarning umumiy soni 700 nafardan oshgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring