Toyloqda zamonaviy tibbiyot muassasasi qad rostladi
Foto: “Xalq soʻzi”
Oʻrtaqishloq mahallasida joylashgan tibbiyot maskani binosi joriy yilning birinchi mavsumida oʻtkazilgan “Ochiq byudjet” tanlovida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan edi. Loyiha qiymati 760 million soʻm boʻlgan mazkur bino mukammal taʼmirlanib, zamonaviy oilaviy shifokorlik punktiga aylantirildi. Tibbiyot xodimlari kuni arafasida mazkur shifo maskanining yangilangan binosi foydalanishga topshirildi.

Tadbirda tuman hokimligi, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, muassasada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

— Oilaviy shifokorlik punktimiz Oʻrtaqishloq hamda Fayziobod mahallalarida yashovchi 8330 nafar aholiga tibbiy xizmat koʻrsatadi, — deydi muassasa rahbari I.Toʻxtayev. — Bugun nafaqat mazkur muassasada faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlarining balki, qishloq ahlining quvonchi cheksiz. Sababi, barcha qulayliklar, tibbiy jihozlar, mebellar bilan taʼminlangan shinam binoga ega boʻldik.
Samarqand viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasidan olingan maʼlumotga koʻra, 2023-yilning yanvar-sentyabr oylarida hududlarda 12 ta oilaviy shifokorlik punkti, 5 ta oilaviy poliklinika va 30 ta mahalla tibbiy punktlari tashkil etildi. Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari soni 203 tadan 244 taga yetdi.

Buning natijasida 850 ming nafar aholi birlamchi tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi. Eʼtiborlisi, oʻtgan davrda 228 ta poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlaridagi 2100 ta oʻringa ega kunduzgi statsionarda 70 ming nafarga yaqin bemor davolandi. Bu koʻrsatkich 2022-yilning mos davrida 26 ming nafarni tashkil etgan.

Birlamchi tibbiy xizmat muassasalariga boʻlgan talabning keskin ortishi tizimda amalga oshirilgan islohotlar tufayli yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar natijasidir.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring