Toyloq tumanida xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirishga qaratilgan yirik loyiha amalga oshirilmoqda
Mazkur loyiha doirasida tumanning “Ilmobod” mahallasida joylashgan oʻrmon xoʻjaligi balansidagi 9,12 gektar yer maydonida eko turizmni rivojlantirish ishlari boshlandi.
Loyiha qiymati 4,26 milliard soʻmni tashkil etib, 2026-yilning birinchi bosqichida xizmat koʻrsatish yoʻnalishida muhim infratuzilma obyektlarini barpo etish rejalashtirilgan.
Koʻp yillik daraxtzorlar hududida tabiat bagʻrida dam olish maskani tashkil etilib, savdo va xizmat koʻrsatish yoʻnalishida yangi imkoniyatlar yaratiladi. Natijada hududda 35 ta yangi tadbirkorlik subyekti faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Loyiha toʻliq ishga tushgach, 50 ta yangi doimiy ish oʻrni yaratiladi hamda byudjetga qoʻshimcha 300 million soʻm tushum kelib tushishi kutilmoqda.

“Zarbdor tajribasi” asosida ishlab chiqilgan ushbu tashabbus hudud iqtisodiyotini yanada faollashtirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Ayni paytda loyiha doirasida muhim infratuzilma ishlari boshlab yuborilgan. Jumladan, 1,4 kilometr yoʻlni asfaltlash, piyodalar uchun 0,8 kilometr yoʻlakcha qurish, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlarini tortish ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, hududda 60 dona oʻrindiq, 60 dona koʻcha chiroqlari va chiqindi qutilari oʻrnatilishi rejalashtirilgan. Dam oluvchilar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida sunʼiy koʻl barpo etish ham koʻzda tutilgan.

Elektr taʼminotini yaxshilash uchun 1,2 kilometr SIP kabel tortish, transformator oʻrnatish va tayanch ustunlar barpo etish ishlari ham loyiha tarkibidan oʻrin olgan. Ushbu ishlarning barchasi Respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilmoqda.
Mutasaddilarning taʼkidlashicha, loyiha joriy yilning iyul oyida ishga tushiriladi. Natijada Toyloq tumanida turizm salohiyati oshib, aholiga sifatli xizmat koʻrsatish imkoniyatlari kengayadi. Bu esa hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga yangi surʼat bagʻishlaydi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring