Toyloq tumanida Amir Temur siymosi ulugʻlandi

19:36 11 Aprel 2026 Jamiyat
429 0

Mamlakatimiz boʻylab buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan eʼlon qilingan “Amir Temur oyligi” doirasida Samarqand viloyatida ham keng koʻlamli madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Xususan, Toyloq tumanida “Amir Temur bogʻi” barpo etilib, foydalanishga topshirildi. Ushbu ezgu tashabbus yurtimizda tarixiy merosni asrab-avaylash, buyuk ajdodlar xotirasini ulugʻlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning yana bir yorqin ifodasi boʻldi.

Oʻrtaqishloq mahallasida joylashgan mazkur bogʻ hududi tubdan obodonlashtirilib, uning markazida qad rostlagan Amir Temur haykali qayta taʼmirlandi. Natijada hudud zamonaviy va estetik jihatdan yanada jozibador maskanga aylandi.

Marosim davomida Amir Temur haykali tantanali ravishda ochilib, uning ulugʻvor siymosi poyiga gullar qoʻyildi.

Bogʻning ochilishiga bagʻishlangan tadbirda viloyat va tuman hokimligi, temurshunos olimlar, keng jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirok etib, Sohibqiron merosining tarbiyaviy ahamiyati xususida fikr bildirdilar.

Tadbir davomida soʻzga chiqqanlar shuningdek, Amir Temurning buyuk sarkardalik salohiyati, uning tarixdagi oʻrni, amalga oshirgan yurishlari, bunyodkorlik ishlari va qurdirgan bogʻlari haqida atroflicha toʻxtalib oʻtdilar.

— Amir Temur nafaqat tarix yaratgan, balki tarixni oʻzgartirgan buyuk siymolardan biridir, — deydi Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, siyosiy fanlar doktori, professor Sherzodxon Qudratxoʻja. — Amir Temur nafaqat zabardast lashkarboshi, balki yurt obodligi, ilm-fan va madaniyat ravnaqi yoʻlida ulkan ishlarni amalga oshirgan buyuk shaxs sifatida tarixda muhrlanib qolgan. Shu bois ham Sohibqiron tavalludining 690 yilligi munosabati bilan eʼlon qilingan “Amir Temur oyligi” doirasida yurtimizda qator tadbirlar oʻtkazilmoqda. Toyloq tumanida ushbu tadbirning oʻtkazilishi hamda “Amir Temur bogʻi” va haykalining ochilishi bejiz emas. Chunki, Sohibqiron bobomiz yaratgan mashhur bogʻlarning biri ham aynan shu tumanda boʻlgan.

Mazkur bogʻ hududida shuningdek, Amir Temur muzeyi ham tashkil etilgan boʻlib, undan joy olgan eksponatlar orasida qadimiy qoʻlyozmalar, mehnat va uy-roʻzgʻor buyumlari, Sohibqiron davriga oid turmush tarzini aks ettiruvchi buyumlar alohida eʼtiborni tortadi. Shuningdek, Amir Temur tomonidan barpo etilgan bogʻlar haqidagi maʼlumotlar, tarixiy manbalar asosida yaratilgan miniatyuralar muzey koʻrgazmasining asosiy qismini tashkil etadi. Ushbu miniatyuralar orqali tashrif buyuruvchilar oʻsha davr muhitini, bunyodkorlik ishlarini va yurt obodligi yoʻlida amalga oshirilgan ulkan saʼy-harakatlarni yaqqol tasavvur qilish imkoniga ega boʻlishadi.

“Amir Temur bogʻi” endilikda nafaqat dam olish maskani, balki tarixiy merosimizni yanada chuqurroq oʻrganish va targʻib etish, yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularda oʻtmishimiz, buyuk ajdodlarimizga boʻlgan faxr va gʻurur hissini mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim maʼnaviy maskanga aylanadi.

Tadbirda “Turon” teatr jamoasining “Temur tuzuklari” asosidagi sahna koʻrinishi, maktab oʻquvchilari hamda tuman madaniyat boʻlimi xodimlari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar namoyish etilib, yigʻilganlarga bayramona kayfiyat ulashildi. Ayniqsa, yoshlarning Amir Temur siymosiga bagʻishlangan sahna koʻrinishlari va sheʼrlari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, tumanning “Bogʻichinor” mahalla fuqarolar yigʻini hududida “ZAMONAVIY NEW BUILDER” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 30 milliard soʻmni tashkil etuvchi zamonaviy 9 qavatli, 84 xonadonli koʻp qavatli uy-joy qurilib foydalanishga topshirildi. Mazkur turar joyning birinchi qavatida aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida 6 ta savdo va xizmat koʻrsatish obyekti ham tashkil etilgan.

Uylarning ochilish marosimi koʻtarinki ruhda oʻtdi. Unda soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari, aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan islohotlar haqida toʻxtalib, yangi xonadon egalariga samimiy tabrikladilar.

Tuman markazini rivojlantirishga qaratilgan bu kabi yirik loyihalar ham izchil davom etmoqda. Xususan, bosh rejaga muvofiq umumiy qiymati 90 milliard soʻmlik loyiha doirasida har biri 84 xonadondan iborat, jami 252 ta xonadonni oʻzida jamlagan yana 3 ta 9 qavatli uy-joy hamda 18 ta savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlarini qurib bitkazish rejalashtirilgan.

Bunday bunyodkorlik ishlari hududning qiyofasini tubdan oʻzgartirib, aholining yashash sharoitlarini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер