Toʻgʻri rejalashtirish va ilmiy yondashuv – yuqori hosildorlik garovi
Qishloq xoʻjaligida “Bir kun ekish – yil boʻyi oziqlantiradi” degan naql bor. Bugun Zafarobod tumani dalalari va fermer xoʻjaliklaridagi harakatni kuzatar ekansiz, bu soʻzlarning naqadar haqiqat ekaniga yana bir bor amin boʻlasiz. 2026-yilgi paxta va gʻalla hosili uchun poydevor aynan shu kunlarda qoʻyilmoqda.
Dastlabki ekilgan chigitlardan barq urib nihollar unib chiqayotgan boʻlsa, buxgalteriya hisobini yuritish markazida fermerlarga berilayotgan urugʻlik chigitlar uchun ishonchnomalarni rasmiylashtirilib, banklarga uzluksiz elektron arizalar yuborilmoqda. Bu shunchaki rasmiyatchilik, qogʻozbozlik emas, bu – boʻlajak xirmon-xirmon don va paxtaning huquqiy va moliyaviy kafolatidir.
— Joriy yilda biz nafaqat anʼanaviy usullarga, balki raqamlashtirish va ilm-fan yutuqlariga tayanishga alohida eʼtibor beryapmiz, — deydi Zafarobod tuman hokimligi bosh mutaxassisi Mansur Qambarov. — Tumanimizdagi 470 ta har turga ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklarimizning bogʻ-rogʻlari, gʻalla maydonlarini sifatli va oʻz vaqtida oziqlantirish, dala chetlaridagi daraxtlarga toʻgʻri shakl berish, fermerlarimizga eksportbop mahsulot yetishtirishning zamonaviy tejamkor usullari, elektron platformaga kiritish va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanishni kengaytirish yoʻllarini oʻrgatyapmiz.
Mutaxassislarning fikricha, bunday tizimli ishlar fermerlarning mavsumga puxta tayyorgarlik koʻrishi, resurslardan samarali foydalanishi va natijada yuqori hosildorlikka erishishida muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring