Togʻdagi koʻpkari

12:26 18 Mart 2025 Jamiyat
500 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Yaqin oʻtmishda ot sporti, xususan, koʻpkari mamlakatimizda ancha susayib qolgandi. Toʻy-hashamlar, bayram sayllarida ot bilan bogʻliq musobaqalar kamayib, bu zotdor uloqchi qorabayirlarning kamayishiga olib keldi. Ammo soʻnggi yillarda ot sportini rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, chavandozlar maktablarini tashkil etish boʻyicha keng qamrovli ishlar boshlangani natijasida sezilarli oʻzgarishlar kuzatilmoqda.

Boysun tumanidagi Navroʻz sayllari milliy xalq oʻyinlari, kurash, ayniqsa, koʻpkarisiz oʻtmaydi. Bu yilgi bayram koʻpkarisini ham nomdor chavandozlar qizitib berdi. Maydonda nafaqat voha polvonlari, balki qoʻshni viloyatlardan kelgan chavandozlar ham uloq tortishdi. Sovrinlarga boy oʻtgan koʻpkarida chopagʻonlar ot, tuya, hoʻkiz, qoʻy-echki, pul mukofotlari taqdim qilishdi. Koʻpkarida ikki bor solim ayirgan boysunlik Boʻron polvon tomoshabinlarning alohida olqishiga sazovor boʻldi.

Boysunning Xoʻjabulgʻon mahallasidan Nurali polvon Avazov vohaning maqtanishga arziydigan chavandozi edi. Uning ismi nafaqat Boysun togʻlari, balki qoʻshni respublikalarning keng dalalariga ham tarqalgan. Nurali polvonning ot ustidagi mahorati afsonaviy boʻlib, qoʻllari otning jilovini mustahkam tutib koʻzlari yoʻlning har bir burchagini kuzatardi. U mingan otlar ham chidamli, oʻz egasining irodasini anglab, uning har bir harakatini bajarardi. Nomi gʻalabalar bilan bogʻlangan Nurali polvon Avazov koʻpkarining afsonaviy yulduzi boʻlib qoladi.

Boʻron chavandoz Nurali Avazovning oʻgʻli, otasining munosib izdoshi. Uning ot ustidagi har bir harakati, hayqirishi-yu mahorati, mardligi va jasorati otasini — Nurali chabogʻonni eslatadi.

— Koʻpkari bu faqatgina epchillik, mardlik va jasurlikka oʻrgatuvchi sport turi emas, balki oʻzbek xalqining gʻururi va orini koʻrsatib beruvchi anʼanaviy oʻyindir, — deydi Boʻron Avazov. — Oilada toʻrt oʻgʻilmiz. Aka-ukalarim bilan bolaligimiz ot ustida oʻtdi. Otam bilan koʻpkarilarga borardik. Uyda alohida mashgʻulotlar oʻtkazardik. Har gal otam koʻpkari mardlar oʻyini, or uchun maydonga tushish kerakligini uqtirardi. Agar koʻpkarida gʻirrom aralashsa, chavandoz mingan ot ham ranjishini aytardi. Bugun sulolamiz anʼanalarini davom ettirayotganimdan faxrlanaman. Oʻsib kelayotgan yosh avlodga ham bu qadriyatimizni ommalashtirishda oʻz hissamni qoʻshaman.

Ota-bobolarimizdan qolgan gap bor — xonadonda bitta ot boʻlishi kerak. Agar ot boʻlmasa, otga atab uyning oldiga bitta taqa yoki yakka qoziq qoqish yoki noʻxta qilib, uni koʻzga tashlanadigan joyga ilib qoʻyish kerak. Chunki bu buyumlar hamisha otni soʻrab turarkan. Ot esa insonning doʻsti, mardlar maydonidagi yoʻldoshidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер