Tilanchilik tirikchilik emas

17:01 20 Aprel 2022 Jamiyat
1350 0

Foto: Illustrativ foto

Taqdir insonni umri davomida turli tashvish, qiyinchilik va sinovlarga roʻbaroʻ qilishi mumkin. Kutilmagan sabablar, muayyan vaziyatlar tufayli kishi oʻzini oʻzi eplash, harakatlanish imkoniyatlaridan mahrum boʻlishi, oʻzgalar koʻmagi, mehri va saxovatiga muhtojlik sezishi tabiiy.

Albatta, bunday qismat egalaridan marhamatni darigʻ tutmaslik, imkoniyat darajasida muruvvat koʻrsatib, sadaqa qilish joiz. Ammo koʻcha-koʻyda, aholi gavjum manzillar, chorrahalar hamda turli idora va muassasalar oldida oʻz miskinligi iddaosi bilan tilanchilik qilayotganlar haqida nima deyish mumkin? Ular shu darajada eʼtibordan chetdami?

Mavzu qanchalik nozik boʻlmasin, uni tilga oldikmi, borini aytaylik, tilanchilik sizu biz oʻylaganchalik kun kechirish manbaiga oʻxshamaydi. Ikki yil avval Navoiy viloyat sudida ochiq sud majlisida koʻrib chiqilgan bir jinoyat bu masalada fikrimizni asoslaydi.

Mazkur jinoyat boʻyicha sudning qora kursisiga oʻtirgan sudlanuvchilar — karmanalik Muhiddin Bahronov va uning yangasi Sabohat Kamolova qizi Sabina Joʻrayeva bilan 1-guruh nogironi Zohid Keldiyorovni vahshiylarcha oʻldirib, jinoyat izlarini yashirish maqsadida Zarafshon daryosiga tashlab yuborishadi.

Qotillik tafsilotlariga batafsil toʻxtalib oʻtirmay, qoʻshni Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida tugʻilgan marhum Zohid Keldiyorov umrining soʻnggi pallalarida qanday xoʻrlanganini ikki ogʻiz ochiqlasak. Sudlanuvchilar Zohidning tilanchiligi evaziga kelayotgan daromadni yoʻqotmaslik va uning qochib ketishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida oʻzlari istiqomat qilayotgan uyning omborxonasida ustidan qulf urib saqlab kelishgan.

— Omborxona tor va past shiftli boʻlib, ayniqsa, yoz jaziramasida Z. Keldiyorovning hayotiga, sogʻligʻiga har doim xavf solib turgan, — deydi sud majlisi raisi A. Safarov. — Vaqti-vaqti bilan “tutqun” hovliga oyoqlaridan zanjir bilan bogʻlangan holda chiqarilganini hisobga olmasak, u oʻziga nisbatan zarracha mehr-shafqatni koʻrgan emas. Boz ustiga Zohid chanqogʻini bosish uchun suv soʻraganida yoki hojatga zarurat boʻlganini aytganida bu toshbagʻir kimsalar uni urib, tan jarohatlari yetkazishgan. Bir soʻz bilan aytganda, 1-guruh nogironi Zohid Keldiyorovni jismonan va ruhan azoblab, uni gʻayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilishgan.

Taʼkidlash joiz, Zohid Keldiyorovning Paxtachida tugʻishgan aka-singillari boʻlib, qonuniy vakil sifatida unga tayinlangan nogironlik nafaqa pullarini oyma-oy olib turishgan. Bundan tashqari sudlanuvchilarning koʻrsatma berishicha, Zohidning tilanchilik qilishi orqali topilgan pullardan bu aka-singillar “ulush” olishsada.(sudda bu holat oʻz tasdigʻini topmagan — tahririyat) ular Z. Keldiyorovni oylab daraklashmagan ham. “Ijara”ga olganlar esa bolalikdan nogiron, qoʻl-oyoqlari majruh Zohiddan odamlarda achinish hislarini uygʻotish maqsadida foydalanishib, qoʻshni Buxoro va Qashqadaryo viloyatlariga “gastrol”lar uyushtirishgan.

Sud qotil va jinoyat ishtirokchilariga nisbatan adolatli hukm, ushbu holatga befarq va loqayd boʻlganlarga nisbatan esa ajrim chiqardi. Qonun ustuvorligi taʼminlandi. Afsuski, tilanchilik haliyam hududlarda ayrim gʻarazli kishilarning tirikchilik manbai boʻlib qolayotgani rost.

Albatta, bu kabi holatlarga huquq-tartibot idoralari befarq, degan fikrdan yiroqmiz. Xususan, Navoiy viloyatida prokuratura, ichki ishlar va Milliy gvardiya idoralari tomonidan oʻtkazilgan reydlarda tilanchilik bilan shugʻullanayotgan 35 nafar voyaga yetmagan bolalar aniqlanib, ularning ota-onalariga nisbatan qonuniy choralar koʻrildi. Viloyat IIB voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazi rahbari Vohid Roʻzimurodovning taʼkidlashicha bolalarning toʻrt nafari Buxoro, uch nafari Samarqand, besh nafari Qashqadaryo viloyatlaridan kelib, tilanchilik bilan shugʻullanishgan. Yigirma olti nafari maktab oʻquvchilari boʻlib, darslarga borishmagan. Tabiiy savol tugʻiladi, ushbu oʻquvchilarning ota-onalari, maktab jamoalari nega bu holga xayrixoh. Qoʻshni viloyatlardan kelgan “gastrolchi” bolalar qayerda yashab, kimning qozonini qaynatishga koʻmaklashishgan?

Nafsilamrini aytganda, ushbu huquqbuzarlikka yolgʻiz huquq-tartibot idoralarining tilanchiga nisbatan jazo choralarini qoʻllash yoki tushuntirish ishlarini olib borishi bilan barham berish mushkul. Nazarimizda, bu holat bardavomligini taʼminlayotgan omillarga qarshi chora-tadbirlar belgilanishi lozim. Misol uchun, Litvada nafaqat tilanchilik, balki tilanchilarga xayr qilish ham taʼqiqlangan va bunday harakat 580 yevrogacha jarima solinishi bilan jazolanadi. Mamlakatimizda esa Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik kodeksi 1883-moddasiga muvofiq, 2019-yilning yanvaridan eʼtiboran yurtimiz hududida yoshi, millati, jinsidan qatʼi nazar, jamoat joylarida tilanchilik qilib yurganlarga nisbatan javobgarlik belgilandi. Bungacha Maʼmuriy javobgarlik va Jinoyat kodekslarida faqatgina voyaga yetmaganlarni tilanchilikka jalb etganlik uchun chora mavjud edi. Jinoyat kodeksiga kiritilgan yangi 1271-moddaga muvofiq, tilanchilik maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Biroq amalda tilanchilar jazolanmoqda deb ayta olamizmi?.

Aslida gap jazolash haqida ham emas. Aksincha, ushbu illatning ancha yasharib, oʻz komiga goʻdaklarni tortayotganidan odam sergak tortadi.

Shunisi aniqki, bir qaraganda anchayin beozor koʻringan bu huquqbuzarlik jamiyatda boqimanda avlod zanjirini yaratayotgani bilan asoratlidir.

Yuqoridagi fikrlarimiz mehr-saxovatga muhtoj, haqiqiy miskinlarga aslo tegishli emas.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер