Til bilgan el biladi, kasb egallagan kamolga yetadi
Foto: Xalq so‘zi
Joriy yilning 20-yanvar kuni maktablarda xorijiy tillar va kasb oʻrgatish tizimini rivojlantirish masalalari boʻyicha davlatimiz rahbari boshchiligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega boʻlmasdan kirib kelayotgani tanqid qilindi. Oʻquvchi-yoshlarga maktabda kamida ikkita xorijiy til hamda bitta kasb-hunar oʻrgatish tizimini yoʻlga qoʻyish yuzasidan ustuvor vazifalar belgilandi.
Shunga koʻra Xorazm viloyatidagi umumtaʼlim maktablarida ham kasb-hunar oʻquv-ustaxonalarini tashkil etish va jihozlash ishlari olib borilmoqda. Har bir tuman va mahallaning xususiyatidan kelib chiqib, oʻquvchilarga maktabning oʻzida 64 turdagi kasbni oʻrgatish yuzasidan takliflar ishlab chiqilmoqda.

Xiva shahridagi 18-sonli umumtaʼlim maktabida shahar va tumanlar hokimlari, taʼlim sohasi rahbarlari, maktab direktorlari ishtirokida oʻtkazilgan amaliy seminar ayni shu masalaga bagʻishlandi.
Seminar qatnashchilari xorijiy til oʻqituvchilarining dars taqdimotlari, IT texnologiyalar sohasida oʻz iqtidorlarini namoyish etayotgan yosh dasturchilar hamda oʻquv ustaxonalari faoliyati bilan tanishdilar.

Aytish oʻrinliki, mazkur maktabda 2 ta xorijiy til va 17 turdagi kasbni oʻrgatish uchun maxsus xonalar tashkil qilinib, ushbu toʻgaraklarga 7-11 sinf oʻquvchilaridan 220 nafari jalb qilingan. Mashgʻulotlarni yuqori malaka sertifikatiga ega chet tili oʻqituvchilari va Xivaning mashhur hunarmandlari olib boradi. Kompyuter va mobil telefonlarni taʼmirlash, yogʻoch oʻymakorligi, tunukasozlik, tikuvchilik, pazandalik, issiqxona xoʻjaligi, erkaklar va ayollar sartaroshi kabi kasblarni puxta egallash uchun maktab hovlisida qisqa vaqt ichida yengil konstruksiyalar yordamida bir nechta oʻquv ustaxonalari barpo etildi. Oʻquvchilar darsdan boʻsh vaqtlarida kasb oʻrganish barobarida shogird sifatida maʼlum miqdorda daromad ham ishlab topadilar.
Seminarda ushbu maktab tajribasini butun viloyat boʻyicha keng ommalashtirish chora- tadbirlari belgilab olindi.
Odilbek ODAMBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring