Tibbiyot oliygohlariga kirishda “Super-kontrakt”ni bekor qilish va oʻtish ballarini oshirish rejalashtirilmoqda
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Tibbiyot va farmatsevtika taʼlimi sohasida kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi eʼlon qilindi.
Mazkur loyihaga koʻra, 2026-2027 oʻquv yilidan boshlab tibbiyot yoʻnalishida kadrlar tayyorlash tizimida qator muhim oʻzgarishlar amalga oshirilishi belgilangan.
Oshirilgan kontrakt bekor qilinadi
-
Tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriat yoʻnalishlarida oshirilgan toʻlov-kontrakt asosida qabul qilish tartibi bekor qilinadi. Bu qaror qabul jarayonida sifat mezonlarini kuchaytirishga qaratilgani bilan izohlanmoqda.
Minimal oʻtish ballari oshiriladi
Bakalavriat, rezidentura (klinik ordinatura) va magistratura mutaxassisliklarida:
-
shifokor mutaxassisliklari uchun minimal oʻtish bali — 70 foiz;
-
oʻrta tibbiy xodim mutaxassisliklari uchun — 60 foiz etib belgilanadi.
Mazkur talab har bir oʻquv modulini oʻzlashtirishda hamda davlat imtihonlarida qoʻllaniladi.
Eng xavfli kasalliklar boʻyicha tayyorgarlik kuchaytiriladi
-
Aholi orasida eng koʻp uchraydigan va oʻlim xavfi yuqori boʻlgan kasalliklar hamda holatlar boʻyicha ajratiladigan kredit soatlari koʻpaytiriladi. Bu amaliyot klinik tayyorgarlikni real ehtiyojlarga moslashtirishni nazarda tutadi.
Dalillarga asoslangan tibbiyot va simulyatsiya majburiy boʻladi
Taʼlim jarayoniga:
-
ilmiy tadqiqotlar va dalillarga asoslangan tibbiyot uslubiyoti, simulyatsion markazlarda amaliy koʻnikmalarni oʻzlashtirish majburiy tartibda joriy etiladi.
-
Tor soha mutaxassisligi faqat rezidentura va magistratura orqali shifokorlar uchun tor ixtisosliklar boʻyicha birlamchi va qoʻshimcha ixtisoslashtirish endilikda faqat rezidentura (klinik ordinatura) va magistratura orqali amalga oshiriladi.
-
Qisqa muddatli qayta tayyorlash kurslari orqali tor soha mutaxassisligi berish tartibi bekor qilinadi (qoʻshimcha yoki chuqurlashtirilgan tayyorgarlik bundan mustasno).
Shuningdek, birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslari — internatura qabul qilinishi ham bekor qilinadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring