Tibbiyot niqoblari ishlab chiqarish boshlandi

22:37 20 Aprel 2020 Jamiyat
3036 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi “Quality Electronics” korxonasi qisqa muddatda ish boshladi. Yuz nafardan ortiq ishchi-xodim mehnat qilayotgan mazkur korxonada hamma karantin tartib-qoidalari oʻrnatilgan. Kirish va chiqish qatʼiy nazorat tartibida, tibbiyot xodimlari tekshiruvi ostida olib borilmoqda. Shunday ogʻir vaziyatlarda ham xalqimizni arzon va sifatli himoya vositalari bilan taʼminlashga bel bogʻlagan korxona jamoasi yuqori sifatli, xalqaro talablarga mos, ishonchlilik va himoyalanish darajasi 95 foiz boʻlgan KN-95 markali tibbiy niqoblarni ishlab chiqarib, tegishli hududlarga, karantin shifoxonalariga va aholiga yetkazib bermoqda.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

— Prezidentimizning 2020-yil 3-apreldagi Farmonlari bilan tadbirkorlarga soliq, bojxona va kredit masalalarida qator imtiyozlar berildi, — deydi korxona rahbari oʻrinbosari Abdumalik Boymatov. — Biz ham ushbu imkoniyatdan samarali foydalangan holda xalqimizning ogʻir kunida xizmat qilish maqsadida umumiy qiymati 2,8 mln. dollar boʻlgan investitsiya loyihasini amalga oshirdik. Loyihaning kunlik quvvati 165 ming dona, bir oyda oʻrtacha 4 mln.ga yaqin tibbiy niqoblar ishlab chiqariladi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Aytish joizki, mazkur niqoblar filtr materiallaridan tayyorlangan boʻlib, 4 ta himoya qavatidan iborat. Birinchi qatlam spanbond mato, mikron chang filtri, ikkinchi qatlam faollashtirilgan uglerod matosi, benzol-mikron chang filtrlash funksiyasi, uchinchi qatlam zich filtrli mato, toʻrtinchi qatlam spanbond matodan iborat, bu har qanday zararli moddalarni filtrlaydi. Tasavvur qiling, yangi koronavirusning diametri 0,1 dan 0,12 mikrongacha. Shuning uchun KN95 niqobini kiyish virusning samarali oldini oladi. Bunda kirgan va chiqqan havo, albatta, filtrdan oʻtadi. Oddiy niqoblarda esa bunday imkoniyat mavjud emas. Uni atigi 2 soatgina ishlatish mumkin. Respirator filtrlar esa uzoq vaqtgacha sizni himoya qila oladi. Xavfsizlik va ishonchlilik darajasi ancha yuqori.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Inqirozga qarshi kurashish Respublika komissiyasining koʻrsatmasiga binoan faoliyat yuritayotgan korxonalarda sanitariya va gigiyena qoidalariga toʻliq rioya qilish, ular oʻz faoliyatini faqatgina tegishli obyekt hududi doirasida tashkil etishi, shuningdek, ishchilar ovqatlanishini mazkur obyekt hududida tashkillashtirish qatʼiy belgilangan. “Quality Electronics” korxonasida faoliyat yuritayotgan 100 nafar ishchi-xodimlar ham tana haroratlari oʻlchanib, maxsus qoʻlqoplar, niqoblar va ustki himoya xalatlarini kiygan holda ishlab chiqarish hududiga kiritiladi. Har ikki soatda bu rejim qatʼiy nazorat qilib turiladi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Yurtimizdagi epidemiologik vaziyat murakkabligi bois tibbiy himoya vositalariga talab va ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Karantin davrida barcha sanoat tarmoqlari qatori “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi korxonalari ham ushbu jarayonda faol boʻlib, tibbiyotga aloqador zaruriy tibbiy buyumlarini ishlab chiqarishga oʻzlarini safarbar etmoqdalar.

Dilshod ULUGʻMURODOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер