Tibbiy taʼlim sohasidagi islohotlar qanday samara bermoqda?

17:29 06 May 2021 Jamiyat
2674 0

Respublikamiz oliy tibbiy taʼlim sohasida Markaziy Osiyodagi eng qadimgi oliy oʻquv yurtlaridan biri boʻlgan Samarqand davlat tibbiyot instituti oʻzining munosib oʻrni va mavqeiga ega oliy taʼlim muassasasi sanaladi. Uning tarixi 1930-yil may oyidan boshlanadi. Institut faoliyati davomida 40 mingdan ortiq bitiruvchilar oʻqib tugatgan. 90 yillik sharafli tarixga ega boʻlgan institutimiz tibbiyot sohasi uchun minglab shifokorlar, ilmiy xodimlar, fan arboblari, akademiklar, jamoat va davlat arboblarini tayyorlab bergan.

Shu fursatdan foydalanib aytish joizki, kuni kecha muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, aholi salomatligini saqlash borasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida imzolangan “Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida” Farmoni bizga yangi vazifalar va masʼuliyatlarni belgilaydi.

Mazkur Farmonga asosan joriy 2021-yilni 1-iyulidan boshlab oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda “tibbiyot brigadalari” faoliyatini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari tomonidan aholiga yana-da sifatli tibbiy xizmatlar koʻrsatish qamrovini kengaytirish koʻzda tutilgan. Taʼkidlash lozimki, hozirgi vaqtda institut xodimlaridan iborat 8 ta ishchi guruhi tuzilib, Samarqand viloyat oilaviy poliklinikalarga biriktirildi. Mavjud 15 ta tumanlar va 11 ta shahar oilaviy poliklinikalarida tibbiy xarita shakllantirilib, aholi xavf guruhlarga ajratilishi hamda dispanser nazoratga olinishi, qishloq va mahallalarda esa tibbiyot brigadalari tashkil etilishi rejalashtirildi.

Farmonni klinik ordinaturaga doir qismida, yangi oʻquv yilidan oʻquv davrining ikkinchi yili hududlardagi ixtisoslashgan tibbiyot markazlari filiallarida, viloyat bolalar va kattalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi filiallarida oʻtkazilishi, shuningdek, maʼlum bir qismini ish joyida davom ettirishi koʻzda tutilgan. Institutimiz tomonidan joriy oʻquv yilidan boshlanib barcha yuqori kurs klinik ordinatorlari Samarqand va Qashqadaryo viloyatlaridagi turli tibbiyot muassasalariga jalb qilinib, amaliy darslarni oʻzlashtirmoqda. Ushbu farmon bilan hududlarga zarur boʻlgan tor mutaxassisliklardagi shifokorlarni tayyorlash uchun tegishli mahalliy byudjetdan yetarli miqdorda grant ajratilishi hamda mazkur grant asosida taʼlim olgan bitiruvchilarga tegishli hududga borib, uch yil ishlab berish majburiyati yuklatilmoqda, ularning yashash xarajatlari mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan qoplab berilishi nazarda tutilmoqda. Natijada yaqin yillarda olis hududlarda ham barcha mutaxassisliklardagi shifokorlar xalqimizga xizmat qilishiga erishiladi.

Samarqand davlat tibbiyot institutini bir qator klinik kafedralari, jumladan onkologiya, kardiologiya, endokrinologiya, xirurgiya va bolalar xirurgiyasi, yuqumli kasalliklar, teri-tanosil kasalliklari kafedralari viloyatni ixtisoslashgan tibbiy markazlarida joylashgan boʻlib, mazkur muassasalar oʻquv jarayoniga metodik jihatdan koʻmaklashib kelmoqdalar.

Samarqand viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi tomonidan koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun 1 ta 179 oʻrinli maxsus shifoxona tashkil qilingan (shundan 30 ta reanimatsiya oʻrni). 6 ta muassasada (1-son taqsimlash va davolash markazi, 2-son taqsimlash va davolash markazi, Qattaqoʻrgʻon shahridagi Marvarid sanatoriysi, Urgut tumanidagi taqsimlash va davolash markazi, XOSPIS shifoxonasi, yuqumli kasalliklar shifoxonasi) jami 2729 oʻrinli zaxira oʻrinlari tashkil etilgan (kislorod nuqtalari soni 2289 ta), reanimatsiya oʻrinlari soni 370 tani tashkil etadi. Samarqand davlat tibbiyot institutini tajribali professor-oʻqituvchilari va xodimlari tomonidan muntazam ravishda har kunlik konsultatsiyalar tashkil qilinmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2021-yil 16-aprel kuni Samarqand viloyatiga tashrifi davomida viloyat faollari ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishda viloyat sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yana-da oshirish, tibbiy profilaktika ishlarini takomillashtirish, kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash, aholi orasida sogʻlom turmush tarzi hamda jismoniy faollikni oshirishni targʻib qilish boʻyicha bergan topshiriqlarini institut xodimlari oʻzgacha bir faxr va masʼuliyat bilan qabul qilib, bugungi kunda amaliy ishlarni boshlab yuborishdi.

Viloyatimiz hududlarida kasallik koʻrsatkichlarini inobatga olib, viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda institutning 1-son va 2-son xirurgik kasalliklar, 1-son va 2-son ichki kasalliklar, 1-son akusherlik va ginekologiya, Gematologiya, 1-son va 2-son pediatriya, Travmatologiya va ortopediya, Umumiy xirurgiya, Koʻz kasalliklari, Anesteziologiya va reanimatsiya, 1-son va 2-son otorinolaringologiya hamda pediatriya fakultetining xirurgik kasalliklar kafedralari tuman va shaharlarga biriktirildi. Kafedralar klinik bazalari tuman tibbiyot birlashmalariga joylashtirildi. Tumanlarga institutning 418 nafar bitiruvchi kurs talabalari biriktirildi va ularga 15 ta kafedralarning 8 nafar tibbiyot fanlari doktori, professorlari, 37 nafar tibbiyot fanlari nomzodlari hamda 28 nafar assistentlardan iborat jami 75 nafar malakali va yetakchi mutaxassislari masʼul etib tayinlandi.

Joriy yilning 19-aprel kunidan boshlab professor-oʻqituvchilar va talabalar markazlashgan holda viloyatning har bir tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli shifoxonalar, koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar, oilaviy poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlarida dars jarayonini amaliyotga tatbiq etish hamda bemorlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish maqsadida institut hududidan maxsus avtobuslarda belgilangan hududlarga olib ketilib, kunlik ish faoliyati tugagach, Samarqand shahriga qayta olib kelishlari yoʻlga qoʻyildi.

Viloyatning har bir tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli shifoxonalar, koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar (KTMP), oilaviy poliklinika (OP) va oilaviy shifokorlik punktlarida (OSHP) dars jarayoni hamda bemorlar koʻrigi yoʻlga qoʻyildi. KTMPda SamDTI uchun maxsus ajratilgan xonalarida soat 9:00 dan 14:30 gacha tasdiqlangan kalendar-tematik reja asosida talabalarga dars mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda, soat 14:30 dan keyin kafedra professor-oʻqituvchilari talabalar bilan birgalikda poliklinika mutaxassislari tomonidan tibbiy koʻrikka tayyorlangan 4463 bemorlarni oʻz profili boʻyicha koʻrikdan oʻtkazishdi. Shulardan 2350 bemorlarga uy sharoitida davolanish uchun, 601 bemorlarga statsionar sharoitda davolash uchun tavsiyalar berildi.

19-26-aprel kunlari ehtiyojga koʻra professor-oʻqituvchilar bitiruvchi kurs talabalari bilan birgalikda oilaviy shifokorlik punktlariga borib jami uch mingga yaqin bemorlarni qabul qilishdi hamda oilaviy shifokorlar va oʻrta tibbiyot xodimlariga bemorlar koʻrigi, «Yuqumli boʻlmagan kasaliklar profilaktikasi», “Cogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash», “Toʻgʻri ovqatlanish tamoyillari”, «Jismoniy faollik va uning ahamiyati» mavzulari boʻyicha maʼruza va seminarlar kabi jami 149 ta “Mahorat darslari” oʻtkazishdi.

Viloyat tumanlaridagi 208 nafar tayanch harakatga ega boʻlmagan va toʻshakda yotib qolgan bemorlar yashash xonadonlarida tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Tibbiy koʻriklar vaqtida aholining tibbiy madaniyatini oshirish hamda kasalliklarni oʻz vaqtida oldini olish maqsadida “Yuqumli boʻlmagan kasalliklar va uning profilaktikasi”, «Sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash, toʻgʻri ovqatlanish tamoyillarini kundalik hayotga tatbiq qilish, jismoniy faollik va uning ahamiyati» boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlarini olib borishdi.

Hududlarda oʻtkazilayotgan maqsadli skrining va tibbiy koʻriklarda ham professor-oʻqituvchilar talabalar bilan faol ishtirok etishmoqda. Hozirgi kunga qadar mazkur tadbirlar natijasida 3-4 xavf guruhiga mansub yuqori texnologiyali zamonaviy tibbiy yordamga muhtoj 87 nafar bemorlar aniqlandi hamda ularga institut klinikalari va ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlariga davolanish uchun yoʻllanmalar berildi.

Tuman tibbiyot birlashmasi boʻlimlarida professor-oʻqituvchilar tomonidan 67 nafar murakkab bemorlar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, mutaxassislarga davolash boʻyicha tegishli tavsiyalar berildi hamda 18 ta koʻrgazmali jarrohlik va akusher-ginekologik, otorinolaringologik operatsiyalar amalga oshirildi.

Hududlarda aniqlangan bemorlar guruhi toʻliq qamrab olinib, sogʻlomlashtirish ishlari yoʻlga qoʻyilgandan soʻng, kafedra professor-oʻqituvchilarining viloyat tumanlari boʻyicha rotatsiyasi amalga oshirilishi belgilandi. Ushbu rotatsiya tumandagi kasallarning mutaxassislar koʻrigiga boʻlgan ehtiyojiga qarab amalga oshiriladi. Hozirgi kunda mazkur yoʻnalishdagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Bundan tashqari, viloyatimiz hududida joylashgan Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlari va kollejlarda klinik bazalarni tashkil etish maqsadida Abu Ali Ibn Sino nomidagi Samarqand, Siyob, Urgut, Pastdargʻom, Ishtixon, Kattakoʻrgʻon, Paxtachi, texnikumlari bilan kelishilgan holda ularga Samarqand Davlat tibbiyot institutining 32 ta klinik kafedralari biriktirildi va jamoat salomatligi texnikumlarida talabalarning oʻquv amaliyotini oʻtishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilib berildi.

Abu Ali Ibn Sino jamoat salomatligi texnikumlarida tashkil etilgan institutimiz kafedralari klinik bazalariga 6 nafar tibbiyot fanlari doktori, professorlar, 20 nafar tibbiyot fanlari nomzodlari va 31 nafar assistentlardan iborat jami 57 nafar malakali mutaxassislar masʼul etib tayinlandi.

Taʼkidlash joizki, oʻzaro integratsiya asosida joriy yilning 19-aprel kunidan boshlab, Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlarining yetakchi oʻqituvchilari ham joylarda tashkil etilgan klinik bazalarda institut talabalariga kalendar-tematik reja asosida dars bera boshlashdi.

Institutda hozirgi vaqtda bakalavriatning 10 dan ortiq yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlanmoqda, birinchi kursga 2020-2021 oʻquv yilida 1030 nafar abituriyent talabalikka qabul qilindi. Shu yil institutimizda Farmatsiya ishi, Tibbiy profilaktika, jamoat salomatligi va tibbiy biologiya fakultetlari va Xalq tabobati boʻyicha yangi yoʻnalishlarning ochilishi yangi imkoniyatlar eshiklarini ochib berdi.

Yildan-yilga tibbiyot xodimlariga boʻlgan ehtiyojning oshib borishi tibbiyot oliy taʼlim muassasalariga qabul kvotalarining oshirilishiga sabab boʻlmoqda. Koʻp sonli talabalarga malakali, sifatli taʼlim berish uchun institutimizning moddiy texnik bazasini yuksaltirish borasida 800 oʻrinli yangi oʻquv binosi qurib bitkazilish arafasida. Oʻtgan davr mobaynida professor-oʻqituvchilar va talaba-yoshlarning xohish-istaklarini inobatga olib deyarli har kuni onlayn konferensiyalar, davra suhbatlari va vebinarlar tashkil qilish yoʻlga qoʻyilgan. Bu kabi tadbirlar natijasi oʻlaroq bugun institutning ilmiy salohiyati 29,7 foizdan 40 foizga oshganligini koʻrishimiz mumkin.

2020-2025-yillarda Samarqand davlat tibbiyot institutida ilmiy-tadqiqot ishlarini 5 ta ustuvor yoʻnalishlarda olib borilishi rejalashtirilgan. Bular:

• Ijtimoiy ahamiyatga ega yuqumli va yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, diagnostikasi va davolash boʻyicha ustuvor texnologiyalarni ishlab chiqish;

• Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar, bolalar va oʻsmirlar sogʻligʻini saqlash sohasiga yangi texnologiyalar kiritish;

• Shikastlanishlar, xirurgik va oʻsma kasalliklari profilaktikasi, diagnostikasi va davolash boʻyicha zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqish va kiritish;

• Yangi dori preparatlari va innovatsion tibbiyot biotexnologiyalarini ishlab chiqish va amaliyotga kiritish;

• Innovatsion axloq psixologiyasi: innovatsion shaxsni shakllantirish. Zamonaviy jamiyatning ijtimoiy-gumanitar muammolari.

2020-yilda barcha koʻrsatilgan mavzular davlat registratsiyasidan oʻtkazildi va registratsiya raqamiga ega boʻldi.

Institutda ilmiy-tadqiqot ishlarining sifat va samaradorligini yaxshilash, kafedralar ilmiy salohiyatini koʻtarish, yosh pedagog xodimlarning Scopus va Wos ilmiy bazalarga kiruvchi jurnallarda maqola chop etish, monografiyalar nashr qilish va dissertatsiya tadqiqotlarini olib borish boʻyicha koʻnikmalarini oshirish maqsadida “E-line Press” MCHJ tomonidan tashkil etilgan oʻquv seminarlarida 20 nafar yosh iqtidorli xodimlarning malaka oshirishi taʼminlandi. Aynan “E-line Press” MCHJ oʻquv kurslarida malaka oshirgan xodimlar tomonidan institut professor-oʻqituvchilarini Scopus va Wos ilmiy bazalarga kiruvchi jurnallarda maqola chop etishi boʻyicha 12 ta mavzuda oʻquv seminarlari tashkil etib berildi.

Samarqand Davlat tibbiyot instituti respublikamizning nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan tashqari bugungi kunda faol ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan Yevropa, Osiyo va Amerikaning koʻplab ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, oliy tibbiy taʼlim muassasalari bilan mustahkam aloqalar oʻrnatgan va memorandumlar imzolangan. Imzolangan kelishuvlar bizga mazkur tibbiyot muassasalari bilan birgalikda ilmiy izlanishlar olib borish, professor-oʻqituvchilarni jalb qilish hamda talabalar va oʻqituvchilarning akademik almashinuv dasturlarini keng joriy qilish imkonini beradi. Institutda 2021-yildan boshlab Yevropa Ittifoqining “ERASMUS” dasturi doirasida umumiy qiymati 2 million yevroni tashkil etuvchi 2 ta xalqaro akademik grant loyiha, shuningdek AQSHning “Smile Trend” tashkilotining granti hisobidan stomatologiya va yuz-jagʻ jarrohligi sohasida ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalarning asosiy maqsadi institutda olib borilayotgan taʼlim jarayonlarini xalqaro standartlarga moslashtirish hamda olib borilayotgan ilmiy ishlarning xalqaro eʼtirofiga erishishdan iborat.

Shu bilan birga oʻtgan oʻquv yilidan boshlab biz institutimizga oliy tibbiy maʼlumot olish istagani bildirgan 475 nafar xorijiy talabalarni qabul qildik. Yaqin kelajakda biz jahon reytingida eng yaxshi 1000 ta universitetga kirishni rejalashtirmoqdamiz. Buning uchun bizda yetarli imkoniyatlar, shu jumladan ilmiy salohiyat mavjud deb oʻylayman.

Karantin rejimi eʼlon qilingan vaqtdan boshlab institutimiz masofadan turib oʻqitish jarayoniga tubdan tayyorgarlik koʻrishga muvaffaq boʻldi. Barcha asosiy oʻquv materiallari elektron formatda tarjima qilingan va maxsus yaratilgan virtual resurs bazalariga joylashtirilgan boʻlib, ularga institutning barcha oʻqituvchilari va talabalari kirishlari mumkin. Shuning uchun biz oʻquv yilini majoziy maʼnoda toʻliq qurollangan holda boshladik.

Shuni taʼkidlash kerakki, pandemiya davrida malakali tibbiyot xodimlariga boʻlgan talab sezilarli darajada oshib ketdi. Bir soʻz bilan aytganda jamiyatda tibbiy xodimlarining ahamiyati, mamlakatdagi ijtimoiy xavfsizlik masalalarida ularning taqdiri haqiqiy pandemiya bilan namoyon boʻldi va bu borada xalqimizga sifatli tibbiy yordam koʻrsatishda hali oldimizda juda koʻp ishlarni amalga oshirishimiz zarurligining guvohi boʻlib turibmiz. Mana shunday muammolarni bir muncha oldini olish maqsadida 2020-2021 oʻquv yilidan eʼtiboran Samarqand davlat tibbiyot institutida Rossiya Federatsiyasi, Ukraina va Polsha Respublikalari bilan hamkorlikda bakalavriat va magistratura taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlariga qabul amalga oshirildi. Bular quyidagilardan iborat:

1. “Davolash ishi” qoʻshma taʼlim dasturi, Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti (Rossiya Federatsiyasi) – qabul kvotasi 50 oʻrin;

2. “Stomatologiya” qoʻshma taʼlim dasturi, Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti (Rossiya Federatsiyasi) – qabul kvotasi 50 oʻrin;

3. “Pediatriya ishi” qoʻshma taʼlim dasturi, Kirov davlat tibbiyot universiteti (Rossiya Federatsiyasi) – qabul kvotasi 50 oʻrin;

4. «Psixologiya (klinik psixologiya)” qoʻshma taʼlim dasturi, I.N. Ulyanov nomidagi Chuvash davlat universiteti (Rossiya Federatsiyasi) – qabul kvotasi 15 oʻrin;

5. “Oliy hamshiralik ishi” qoʻshma taʼlim dasturi, Ya.B. Gorbacheskiy nomidagi Ternopol milliy tibbiyot universiteti (Ukraina Respublikasi) – qabul kvotasi 25 oʻrin;

6. “Menejment: sogʻliqni saqlash menejmenti” qoʻshma taʼlim dasturi, National Louis University Oliy biznes maktabi (Polsha Respublikasi) – qabul kvotasi 15 oʻrin;

Yuqorida keltirilgan bakalavriat taʼlim dasturlari bilan bir qatorda, institutda Ukraina Respublikasining Ya.B.Gorbacheskiy nomidagi Ternopol milliy tibbiyot universiteti bilan “Oliy hamshiralik ishi” mutaxassisligi, Polsha Respublikasining National Louis University Oliy biznes maktabi bilan “Menejment: sogʻliqni saqlash menejmenti” mutaxassisligi hamda Belarus davlat tibbiyot universiteti bilan qator klinik mutaxassisliklar boʻyicha qoʻshma magistratura taʼlim dasturlari tashkil etildi.

Institut talabalarini faol yaratuvchanlik ishlariga, yaxshi oʻqishiga koʻmaklashish va munosib ragʻbatlantirish maqsadida 2020-2021 oʻquv yilidan boshlab, “Rektor stipendiyasi” joriy etildi.

Institutning har bir talabasi oliygohni nufuzi va boʻlajak shifokorlik kasbidan faxrlanishi va unga munosib boʻlishini taʼminlash maqsadida “SAMMI UNION” yoshlar assotsiatsiyasi va “Talabalar ilmiy jamiyati” tashkil qilindi.

Hozirda institutimizda oʻqitishni tashkil etish uchun kredit-modul tizimi joriy etilgan boʻlib, bu oliy taʼlim sohasida yetakchi tendensiya ekanligi namoyon boʻlmoqda. Ushbu tizimning respublika oliy taʼlimiga tatbiq etilishi, shubhasiz, kadrlar tayyorlash va taʼlim sifatini oshirishga, shuningdek, bizning oliy taʼlim tizimimizni jahon taʼlim tizimiga jalb qilishga yordam beradi. Respublikamizda oliy taʼlim sohasidagi barcha islohotlar aynan shu narsaga qaratilgan.

Shiddat bilan rivojlanayotgan jamiyatimizda kelgusida xalqaro mehnat bozori talablariga javob beradigan kuchli tibbiyot kadrlarini tayyorlash va sifatini oshirish, bitirib chiqayotgan yosh mutaxassislarni munosib ish bilan taʼminlash masalasida ham tibbiyot muassasalari bilan keng hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

Hozirgi kunda institut jamoasining butun potensiali mamlakatimizda tibbiyot sohasini yana-da rivojlantirishga va yuksaltirishga, jahon talablariga mos malakali kadrlarni tayyorlashga jalb etilgan.

Jasur Rizayev,
Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori,
professor

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер