Tejamkor texnologiyalar: xarajat qisqarib, daromad oshmoqda
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Yozyovon tumani aholisi tomorqadan unumli foydalanish borasida katta hayotiy tajribaga ega. Ayniqsa, qish mavsumida issiqxonalarda asosan koʻchatchilik va turli sabzavot ekinlarini yetishtirish yaxshi anʼanaga aylangan.
Tumandagi “Ittifoq” mahallasida istiqomat qiluvchi Olimjon Olimov ham koʻp yildan buyon oʻz tomorqasidan unumli foydalanish orqasidan daromad topadi. Bugun uning hovlisida 5 sotixlik issiqxona tashkil etgan boʻlib, bu yerda pomidor, bodring hamda achchiq qalampir koʻchatlari parvarish qilinmoqda.

— Issiqxonaga tomchilatib, yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalari oʻrnatilgani mahsulotlar tez va sifatli rivojlanishida qoʻl kelmoqda,— deydi mirishkor tomorqachi. — Maxsus qutichalarga qadalgan urugʻlar dastlab yomgʻirlatib sugʻorilgach, qator oralab ekiladi va shundan soʻng parvarish jarayonida tomchilatib sugʻoriladi. Samarali usul tufayli suv miqdori 40 foiz hamda mineral oʻgʻitlar bilan bogʻliq xarajatlarni 50 foizgacha tejash imkoniyati yaratildi. Ayni kunlarda tumanlarimizga bahorgi mavsumda ekish uchun 50 ming tupga yaqin koʻchat yetishtirmoqdamiz.

Taʼkidlash joiz, ushbu jarayonda Fargʻona viloyati oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasining fitosanitar nazorati davlat inspektorlari yaqindan koʻmak berayotir. Inspektorlar tomonidan viloyat boʻylab bu kabi issiqxonalarda nazorat tadbirlari olib borilib, issiqxona egalariga “Agrokoʻmakchi“ mobil ilovasi orqali agrotexnik va kimyoviy ishlov berish, tayyor mahsulotni sotishgacha boʻlgan barcha jarayonlar boʻyicha kerakli maʼlumotlar oʻz vaqtida yetkazib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring