Termizdagi vatussi meʼyoridan 4 yil koʻp umr koʻryapti

13:20 02 Avgust 2024 Jamiyat
213 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Termiz hayvonot bogʻida saqlanayotgan vatussi zotli Hindiston buqasi ayni paytda 34 yoshda. Vaholanki, ushbu turdagi jonivorlar 29-30-yil umr koʻradi.

“Qizil buqa” nomi bilan mashhur ushbu vatussi 1991-yilda Termiz hayvonot bogʻida dunyoga kelgan. Uning ota-onasi Hindistondan keltirilgan. Ayni paytda u 34 yoshda, meʼyoridan 4-yil koʻp umr koʻryapti.

— Bugungi kunda bogʻimizda jami 488 bosh hayvon saqlanmoqda. Shundan yirtqichlar 40 bosh, sudralib yuruvchilar 84 bosh, tuyoqlilar 47 bosh hamda qushlar 317 tani tashkil etadi. Ular orasida noyob turlar ham mavjud. Ulardan biri vatussi zotli Hindiston buqasidir. Ushbu Hindiston buqasi bogʻimizda yagona tur. Shu bois, undan nasl olish imkoni boʻlmagan. Ayni paytda uning umumiy sogʻligi yaxshi, ishtahasi meʼyorida. Doimiy veterinar nazoratida turadi. Bir kunda 40 kg. xashak, 3-4 kg. maxsus ozuqa beriladi. Vazni 400 kg., shoxlarining uzunligi 40 sm.dan koʻproq, — deydi Termiz hayvonot bogʻi bosh zootexnigi Bahodir Jumayev.

Maʼlumot uchun, vatussi — dunyodagi eng shoxlari uzun buqa. Ushbu zot hayvonlarning eng qadimiy nasllaridan sanaladi. Ularning ajdodlari Afrika va Zebu buqalari hisoblanadi. Vatussining oʻziga xosligi ularning shoxlaridir. Shoxlarning diametri 35 sm., orasidagi masofa 2 m., uzunligi 3,7 m., shoxning ogʻirligi esa 45 kg.gacha boʻladi. Vatussi shoxlari termoregulyatsiya vazifasini bajaradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер