Termizda “KfW” banki bilan hamkorlikda tibbiyot kadrlari tayyorlaydigan yangi markaz tashkil etiladi

16:22 14 Dekabr 2023 Jamiyat
591 0

Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Germaniya taraqqiyot banki (“KfW”)ning Markaziy Osiyo, Kavkaz va Sharqiy Yevropa departamenti boshligʻi Veionika Garsia Del Arko boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Muloqot davomida oʻzaro hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari atroflicha muhokama etildi.

Qayd etish kerakki, mazkur davlat banki 75 yillik ish tajribasiga ega. Bosh idorasi Frankfurt shahrida joylashgan. Muassasa hamkor mamlakatlarni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish uchun moliyaviy koʻmak koʻrsatib keladi.

“KfW” bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash, tibbiy muassasalarni modernizatsiya qilish, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, muqobil energiya manbai bilan taʼminlash va tibbiy taʼlim boʻyicha qator investitsiyaviy va grant loyihasi amalga oshirilmoqda.

Xususan, “Tuberkulyoz kasalligiga qarshi kurash” grant loyihasining 5 va 6-bosqichi, “Hududiy koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida teleradiologiyani joriy etish” hamda viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamalash, ularni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash shular jumlasidan.

Muloqot davomida oʻzaro hamkorlikdagi saʼy-harakatlarni yanada jadallashtirish muhimligi taʼkidlanib, moliyaviy kelishuv doirasida strategik sheriklikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, uchrashuvda keyingi yil Germaniyada ikki mamlakat hukumatlari oʻrtasida boʻlib oʻtadigan muzokaralarida yangi loyihalarga mablagʻ ajratish boʻyicha vazirlikning takliflari tinglandi.

Muloqot yakunida “Termiz shahrida tibbiy kadrlar tayyorlash va qoʻshimcha taʼlimni modernizatsiya qilish” loyihasini yoʻlga qoʻyish yuzasidan muhim kelishuv imzolandi.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, 13,5 million yevrodan iborat “KfW” banki grant loyihasi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning 4 million yevrolik mablagʻi hisobiga yoʻlga qoʻyiladigan mazkur loyiha tibbiyot xodimlarini ilgʻor Germaniya standartlari asosida kasbiy tayyorlash va malakasini oshirishni nazarda tutadi.

Uning doirasida Termiz shahridagi tibbiyot kollejini zarur jihozlar, shu jumladan, simulyatsion uskunalar bilan taʼminlash orqali tibbiyot xodimlari tayyorlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер