Termizda “aqlli” bekatlar soni 8 taga yetdi

Bu yerda innovatsion bekatning galdagi ishga tushirilib, ular soni 8 taga yetkazildi. Bu haqda “Xalq soʻzi“ muxbiri xabar berdi.
“Aqlli” bekatlarda konditsioner, jamoat transporti harakat jadvalining tablosi, “Fuqaro-tezkor yordam xizmati” favqulodda aloqa axborot paneli, atrof-muhit monitoringi sensori, bepul Wi-fi internet tarmogʻi, video nazorati, USB elektr tarmogʻi nuqtalari, bank toʻlov terminali mavjud. Bu yerda tezkor maʼlumot toʻplash imkoniyatining borligi yoʻnalishdagi transport harakatini rejalashtirishda qoʻl keladi. Ayni chogʻda nafaqat bekat, balki uning atrofida jamoat tartibi yuzasidan tezkor maʼlumot olish imkoniyati ham mavjud.
Yana bir qiziq jihati shuki, har bir bekatga quyosh elektr energiyasi paneli oʻrnatilgan boʻlib, bu ularning yoritgichlari va USB elektr tarmogʻi nuqtalarini avtonom elektr quvvati bilan taʼminlash imkonini beradi.
— Chindan ham juda aqlli, — deydi Termiz shahridagi 11-maktabgacha taʼlim muassasasi hamshirasi Zuhra Togʻayqulova. — Masalan, poyabzal tozalash uskunasi olib qaraylik. U jamoat transportida tozalikni saqlash, ozoda yurishimizga koʻmaklashadi.
Yaqin kelajakda viloyat markazida bunday “aqlli” bekatlar soni 40 tadan oshishi kutilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring