Termiz shahri Oʻzbekistonning janubdagi gavhariga aylanmoqda

18:15 22 Iyun 2023 Jamiyat
1268 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Bu shahar qadimiy tamaddun markazlaridan biri. Buyuk Ipak yoʻlining chorrahasida joylashgan ushbu koʻhna kent turli madaniy qadriyatlar rivojida muhim oʻrin egallagan.

Tarixi buyuk shahar mustaqillik yillarida oʻzining yangi rivojlanish davrini boshdan kechirmoqda. Hech mubolagʻasiz, shaharni bugun katta qurilish maydoniga qiyoslash mumkin. Zamonaviy shaharsozlik talablari asosida bunyod etilayotgan koʻp qavatli turarjoylar, savdo, madaniy va maishiy hamda maʼmuriy inshootlar, keng va ravon yoʻllar, yashil maydonlar shahar koʻrkiga koʻrk qoʻshmoqda.

Megopolis shaharlar bilan boʻylashayotgan Termiz shahri tom maʼnoda Oʻzbekistonning janubdagi gavhariga aylanmoqda. Ayni paytda qurilish-bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari yanada jadal tus olgan. Bu boradagi amaliy saʼy-harakatlar natijasida “Yulduz” MFY hududidagi Ibn Sino koʻchasi eng obod maskanlaridan biriga aylandi. “Chegara” va “Manguzar” MFYlarini birlashtiruvchi koʻchaning ikki yonida 157 ta 2 qavatli turarjoylar qad rostladi.

Foto: “Xalq soʻzi”

“Termiz” temir yoʻl vokzalidan “Manguzar” mahallasigacha boʻlgan avtomobil yoʻlining 1,8 km qismi rekonstruksiya qilindi. Buning uchun 28,8 mlrd. soʻm mablagʻ sarflandi.

— Avtomobil yoʻlining har ikki tomonida 5 ming 500 m2 piyodalar yoʻlaklari qurildi, — deydi Termiz shahar hokimligi axborot xizmati rahbari Azimbek Samadov. — Yoʻl boʻylab 200 ga yaqin tungi yoritgich chiroqlari oʻrnatildi. Hududda 30 ming tup manzarali, 150 ming tup gul koʻchatlari ekildi. 3,1 km masofaga yomgʻirlatib va tomchilab sugʻorish tizimi, 4,2 km lik oqova suv tarmogʻi tortildi. Termizning oʻziga xos issiq iqlimini moʻtadillashtirish maqsadida “Termiz” kanalining yangi oʻzani qurildi. Mehridaryo, Beruniy va Ibn Sino koʻchalari boʻylab oʻtgan ushbu kanalni bunyod etish uchun 7,1 mlrd. soʻm mablagʻ ajratildi. Kanal boʻylab 6,3 km uzunlikda yashil maydonlar barpo etildi.

Ayni kunlarda Termiz shahridagi 37 ta mahalla hududida katta hajmdagi qurilish, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun 74 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan. Shuning asosida 42, 3 km avtomobil yoʻllarini asfaltlash, 23 km beton qoplamali yoʻl bunyod etish, 21 km piyodalar yoʻlagini qurish, 34 km ichimlik va suv oqova tarmoqlarini tortish ishlari jadal surʼatlarda olib borilyapti. Bundan tashqari hududlarni chiqindilardan tozalash, bino va inshootlar, koʻp qavatli uylarning fasad qismini yangilash, manzarali gul koʻchatlarini ekish hamda yashil maydonlarni kengaytirish ishlari tobora keng quloch yozmoqda.

Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер