Termiz xalqaro savdo markazida eksport hajmlarini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalar oʻrganildi

23:06 17 Aprel 2026 Siyosat
102 0

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi aʼzolari Oʻzbekiston – Afgʻoniston chegara hududida joylashgan Termiz xalqaro savdo markaziga tashrif buyurib, ushbu erkin savdo zonasida amalga oshirilayotgan eksportga yoʻnaltirilgan loyihalar ijrosi bilan tanishdi.

Termiz xalqaro savdo markazi davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2024-yilda ishga tushirilgan boʻlib, Markaziy Osiyoda oʻxshashi boʻlmagan ilk erkin savdo zonasi hisoblanadi.

Mazkur obyektning umumiy maydoni 26 gektarni tashkil etadi. Unda savdo va ishlab chiqarish korxonalari, xalqaro biznes maktabi, logistika markazi, bojxona terminallari, omborxonalar, muzlatkichlar, mehmonxona hamda zamonaviy tibbiyot klinikasi joylashgan.

Taʼkidlanganidek, hozirgi kunda markazda mamlakatimiz mahsulotlari eksportini kengaytirish maqsadida 260 dan ziyod savdo va ishlab chiqarish majmualari faoliyat yuritmoqda. Jumladan, afgʻonistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikda 134 ta qoʻshma loyiha amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Termiz xalqaro savdo markazi orqali Afgʻonistonga 325 mln AQSH dollari miqdorida mahsulotlar eksport qilingan. Erkin savdo zonasiga esa 500 mingdan ziyod xorijiy fuqarolar tashrif buyurgan.

Senatorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish, eksport hajmlarini koʻpaytirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?