Temuriylar davrining zukko tadqiqotchisi

14:29 07 Aprel 2026 Jamiyat
282 0

Oʻzbekistonda Amir Temur shaxsi, temuriylar davri tarixi, madaniyati, meʼmorchiligi, yozma yodgorliklari, manbashunosligi, tarixshunosligini ilmiy tadqiq qilish XX asrning 20-yillarida boshlangan. Jumladan, V.L. Vyatkin (1869 – 1932), Poʻlat Soliyev (1882 – 1938), Miyon Buzruk Solihov (1886 – 1938), Muso Saidjonov (1896 – 1938), Abdulmoʻmin Sattoriy (1904 – 1925) kabi tadqiqotchilar qatorida S.Ayniy (1878 – 1954) ham Amir Temur va temuriylar davri yozma yodgorliklari, meʼmoriy obidalariga doir oʻsha davr davriy matbuotida, shuningdek, alohida nashrlarda qator maqolalar eʼlon qildi. Eʼtiborlisi, bu tadqiqotlarda Amir Temur va temuriylar davri tarixiga xolisona yondashuv, ilmiy jurʼat, nuqtayi nazar va fikr erkinligi koʻzga tashlanadi. Mazkur tadqiqotlar hali kommunistik mafkura qobigʻiga solinmagani bilan ham eʼtiborga molik.

Ayniyning “Mir Arab imoratlari”, “Tarixiy tasxeh”, “Tarixiy eʼzoh”, “Jilvon rud”, “Samarqand shahri”, “Eski asorlar. Chilustun, Chinnixona, Koʻksaroy va Koʻktosh”, “Qutbi chahordahumning koʻrinishi” kabi maqolalari Turkiston, qolaversa Oʻzbekiston tarixining ochilmagan sahifalarini oʻrganishda yordam beradi. S.Ayniyning ilmiy merosi oʻzbek tilida 8 jildda, tojik tilida 16 jildda va rus tilida 6 jildda nashr etilganligiga qaramay olimning yuqorida tilga olingan tarixiy mavzudagi maqolalari negadir toʻla asarlari toʻplamidan joy olmagan. Vaholanki, ular Oʻzbekiston ilmiy temurshunosligidagi dastlabki ilmiy ishlardan hisoblanadi.

Muallif Amir Temur va temuriylar davri haqida yozar ekan, Samarqanddagi oʻzgarishlar, jumladan obodonchilik ishlari, barpo etilgan meʼmoriy obidalar, maqbaralar taʼrifiga keng oʻrin ajratgan. Tasvir mazmunidan sohibqiron hokimiyat tepasiga kelgunga qadar Samarqand xaroba holga tushib qolganligi, Amir Temur esa shaharning katta qismini qayta tiklashga jazm etganligi toʻgʻrisidagi fikrlarni ilgʻab olish qiyin emas. Ayniy Amir Temurning shon-shavkatiga hech shubha qilmagan holda, u qurdirgan imoratlarning tarixiy-badiiy qirralarini ochib beradi. Goʻri Amir kompleksining tavsifini berayotganda uning Amir Temur qudratiga mos ekanligini ochiq yozadi.

S.Ayniy “Samarqand shahri” nomli maqolasida dastlab shaharning bunyod etilishidan Amir Temur taxtga kelgunga qadar (XIV asr 70-yillari) boʻlgan tarixiga qisqacha toʻxtalib oʻtadi. Uning “Samarqand shahrining birinchi binosi” nomli boʻlimida Iskandar Zulqarnaynning Oʻrta Osiyoga qilgan yurishi davridagi Sugʻdiyona davlati va uning poytaxti boʻlgan Maroqand (Samarqand) shahri tarixi haqida muhim maʼlumotlarni keltiradi. “Hikoya kitoblari Bogʻi shamol tomonda boʻlgan hozirgʻi “Devori qiyomat” va “Devori Koʻndalang”larni ham Iskandarga nisbat berilar. Eski zamonlarda (hozirgʻi Samarqand bino boʻlgandan burun) Oq va Qora daryolarning oralarida Dobid qishlogʻi oʻrni, “Sugʻd” qavmining markazi boʻlub, “Soʻgʻdiyon” deb atalgan bir shaharning borligini rivoyat qilinadi”.

Tadqiqotning “Amir Temur va temuriylar davrida Samarqand shahri (1363-1405 milodiy)” boʻlimi oʻziga xos ahamiyatga egadir. Olim Amir Temurning Movarounnahr taxtiga oʻtirmasdan oldingi davrda shaharning ijtimoiy – iqtisodiy ahvoli toʻgʻrisida, mugʻullar hukmronligi davrida uning tushkunlikka uchraganligi, keyinchalik buyuk sohibqiron tarix sahnasiga chiqqach, shaharni deyarli qayta qurib, obod qilganligi, oʻzining qarorgohi boʻlgan mashhur Koʻksaroy va Boʻstonsaroy, Shahrisabzda Oqsaroyni bino etganligini faxr bilan tilga oladi.

“Bu kungacha qolgan asar va alomatlarga koʻra Temur va temuriylar davrida Samarqand shahrining devori quyidagicha tortilgan edi: Hozir Xayrobod darvozasi atalgan oʻrundan kunbotar tomonga choʻzulub, tuproq qoʻrgʻon va bulvarni ichiga olgʻani holda, janub tomondan Xoʻja Ahror va Suzangaron darvozalari, kunchiqar tomondan Qalandarxona darvozasi orqali oʻtub, chashma boʻyi bilan Shohi zinda bogʻining janubdagi burj ustidan choʻzulub, Xonim madrasasini ichiga olib, Koʻshshixona orqali Hayrobod darvozasiga yetishgan edi”. Moʻgʻullar bosqini davomida butunlay vayron etilgan Samarqand shahri sohibqiron davrida oʻzining qadimgi oʻrnidan janubroqda qayta quriladi. S.Ayniyning aytishicha, Amir Temur tomonidan shahar tevaragida Poyqaboq (Hayrobod), Buxoro, Korizgoh, Suzangaron, Firuza (Qalandarxona), Darvozai Ohanin kabi nomlar bilan yurituvchi oltita darvoza qurilib, mustahkam yangi qalʼalar bilan oʻrab chiqiladi.

Tarixchi olim, “Samarqand shahrining eski va tarixiy binolari” boʻlimida yozishicha, Amir Temur tomonidan va uning rahnamoligida Samarqandda koʻplab hashamatli imoratlar, Bibixonim, Ruxobod (“Rux makoni”) yodgorliklari va boshqa saroylar, madrasalar, masjidlar qurilib, bogʻlar barpo etilganligini Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, Abu Tohirxoʻjaning “Samariya” va Herman Vamberining “Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi” asarlarida keltirilgan maʼlumotlar asosida tasdiqlab oʻtadi. “Bogʻi Shamol, Bogʻi Firuza, Bogʻi Chinoron, Bogʻi Naqshi jahon, Bogʻi Dilkusho Temurning mashhur bogʻlaridan boʻlub, arkda soldirgʻon Koʻksaroyi ham Bobir Mirzoning mubolagʻaliq (mubolagʻasiz) maqtashiga haq qozongandir”.

S.Ayniy Amir Temurning bunyodkorlik faoliyatini yuqori baholab u tomonidan Samarqand, Shahrisabz, Turkistonda qurilgan monumental obidalarning benazirligini, undan keyin musulmon sharqida bular darajasidagi badiiy mukammal binolar qurilmaganligini alohida taʼkidlaydi. Bibixonim masjidi esa Amir Temur shon-shuhratining choʻqqisi sifatida eʼtirof etiladi. “Temurning katta imoratlaridan biri, Xonim meʼmoriy yodgorligidirkim bugungacha xarobasi koʻzlarni qamashtiradi, Xonim masjidi 801 hijriyda (1399) boshlanib, 806 hijriyda (1405) bitdi. Bu binoning ichidagi ayvonlari pishiq gʻisht bilan yopilib, marmar toshdan yoʻnilgan 80 ustun ustiga solingan edi. Zahiriddin Muhammad Boburning rivoyatiga koʻra, bu binoning toshlarini Hindistondan keltirilgan sangtaroshlar yoʻnganlar. Shohi zinda mozoridagʻi butun dunyo koʻzini oʻz nafasatigʻa tortgan koshinkorlik gumbazlar Temur zamonida solingandir”.

Shuningdek, adib Amir Temurning suyukli nabirasi Mirzo Ulugʻbek tomonidan Samarqand va Buxoroda bino qilingan muhtasham binolarni ham sanab oʻtadi. Adib “Ulugʻbek rasadxonasi” nomli maqolasida, oʻz davrida mashhur astranomiya maktabini yaratgan Mirzo Ulugʻbek davridagi ilm-fan taraqqiyoti, uning atrofida buyuk olimlarning faoliyat koʻrsatganligi, 1424 – 1428-yillarda qurilgan rasadxona, uning tarixi va ilmiy faoliyati, Mirzo Ulugʻbek Amir Temurning munosib davomchisi sifatida ilm-fan ahliga gʻamxoʻrlik qilganligi va boshqalar toʻgʻrisida muhim maʼlumotlar beradi.

“Eski osorlar. Chil ustun, Koʻksaroy, Chinnixona va Koʻktosh” tadqiqotida esa Amir Temur va temuriylar davrida Samarqand shahrining har jihatdan rivojlanganligi, Chil ustun, Chinnixona, Koʻksaroy va Koʻktosh kabi oʻz davrining mashhur yodgorliklari qurilganligini aytadi. Amir Temur Samarqand shahrini oʻz davlatining poytaxti etib belgilaganidan keyin Movarounnahr oʻlkasi ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan gullab– yashnaganligini eʼtirof etadi. Muallif “Chinnixona” meʼmoriy obidasi toʻgʻrisida shunday yozadi:

“Xitoy (Chin) oʻlkasiga maxsus kishi yuborilib, ushbu chinnilar keltirilgan va bu imoratga sarf qilingan edi. Shuning uchun ushbu imorat “Chinnixona” deb atalgan edi. Hozirda Chil ustun va Chinnixonadan hech bir asar qolmagandir. Faqat 1914-1915-yillarda tasodif kovlanganda, bu yerlardan katta tosh parchalarining chiqqanligi, bu yerlik kimsalar tomonidan rivoyat qilinmoqda. Koʻksaroy – bu imorat Samarqandning arkida (oʻrda – hozirgi Tuproqqoʻrgʻon) boʻlib, Amir Temur tomonidan solingan toʻrt oshyona (toʻrt qavatliq) yuksak bir bino edi. Koʻktosh hozirgʻi zamonamizgacha Samarqandning qoʻrgʻonida salomat qolgan katta bir toshdir”.

Temuriylar davrida el – yurtda obroʻ – eʼtibor topgan moʻtabar din arboblarining maqbaralari ham qurilgan. Samarqanddagi Shayx Nuriddin Basir va Shayx Burhoniddin Sagʻaji maqbaralari shular jumlasidan. Birinchisi soʻfiylik oqimi vakili boʻlib, koʻproq Qutbi – Choxardahum, yaʼni 14-qutb (sufiylikdagi diniy unvon) nomi bilan mashhur boʻlgan Shayx Nuriddin Basir maqbarasidir. Ayniyning “Qutbi choxardahumning koʻrinishi” maqolasida Amir Temur tomonidan Shayx Nuriddin Basir qabri ustiga maqbara qurilganligi, uning atrofi obod qilinganligini aytib, muallif “Amir Temur oʻz hukumati zamonida Shayx Nuriddin Basirga hurmati va eʼtibori yuzasidan uning mozorini ark qoʻrgʻoni ichida olgan, ham qabri ustida yuksak bir gumbaz yasatib, gumbaz ustidan oltindan qubba qoʻydurib oʻtquzgʻondir”.

Muallifning fikricha, Shayx Nuriddin Basir Toshkentda tugʻilib, keyinchalik Samarqandga koʻchib oʻtgan va shu yerda dafn etilgan. “Shayx Nuriddin Basir Samarqanddagi Koʻkmachit mahallasida oʻlub, shu mahallaning yovuqlaridan oqadigan “joʻyi chashmayi Navadon” (“Navadon bulogʻi arigʻi”) boʻyida Samarqand arkining (hozirgʻi Tuproqqoʻrgʻon) kunchiqar qirgʻogʻida koʻmilgandir”.

S.Ayniyning yozishicha, Amir Temur oʻz davrining mashhur muridlaridan boʻlgan Shayx Burhoniddin Sagʻaji vafotidan soʻng uning maqbarasini qurishga farmoyish beradi. Bu maqbara Ruxobod nomi bilan atalgan. Oʻrta Osiyo meʼmoriy obidalarining mohir tadqiqotchisi, tarixchi olima G.A. Pugachenkovaning qayd etishicha, Ruxobod nomi bilan mashhur boʻlgan ushbu maqbara bir xonali, gumbazli hashamatli gʻishtin bino boʻlib, murabba tarhli, uning charxi gumbazida darchalar ishlangan. Bosh tarzidagi ravoqsimon darvozaxona oʻyma-qoʻyma parchinlar bilan qoplangan. “Shunisi eʼtiborga sazovorki, bir-birida ancha masofada qurilgan uchta hashamatli maqbara – Qutbi-Choxardahum, Ruxobod va Goʻri Amir bir-biriga oʻxshashdir. Ularning gumbazlari Samarqandda serob boʻlgan koʻm-koʻk daraxtlar osha qad koʻtarib turibdi”.

Sadriddin Ayniy Oʻzbekistondagi tarixchi olimlar qatorida Amir Temur shaxsiga, uning bunyodkorlik va davlatni boshqarish sohasidagi mahoratiga, tarixiy xizmatlariga xolisona baho beradi.

Farrux TEMIROV,

Buxoro davlat universiteti dotsenti,

tarix fanlari doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер