Temir yoʻl xizmatidan nega yoʻlovchilar norozi?
Achchiq, ammo ochiq gap
Botir Madiyorov/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda temir yoʻl xizmati boʻyicha yaxlit tizim joriy etilib, ichki turizmni rivojlantirish borasida qulay infratuzilma yaratildi. Hozirda Fargʻona vodiysidan yurtimizning barcha hududlari, xususan, tarixiy shaharlarimizga doimiy poyezd qatnovlari yoʻlga qoʻyilgan.
Yoz mavsumi sayohat uchun juda qulay. Ushbu davrda arzon va xavfsiz transport vositasi sifatida temir yoʻl xizmatiga talab ortadi. Bu xizmat koʻrsatish sifati va madaniyatini yuksak darajada tashkil etishni taqozo etadi.
— Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan hududlarda mehnat jamoalari uchun poytaxtimiz Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlarga sayohatlar tashkil etish anʼanaga aylangan, — deydi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyati kengashi boʻlim mudiri Gʻanisher Payziyev. — Shu maqsadda, navbati bilan oʻrtacha 50 nafardan shakllantiriladigan guruh uchun sayohatga kamida besh kun oldin chipta sotib olinadi.
Ammo baʼzi hollarda olingan temir yoʻl chiptalari sayyohlarning ish faoliyati, sogʻligʻi, oilaviy zaruriyatiga koʻra bora olmasligi sababidan boshqa sayyoh bilan almashtirishga faqatgina temir yoʻl kassalari orqali ruxsat beriladi. Natijada, chiptani tigʻiz vaqtda amalga oshirish talabiga imkoniyat yetishmasligi yoki zamonaviy onlayn xizmatlar talab darajasida emasligi turli noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda.
Shuningdek, safar davomida oʻzgartirilgan va oʻrindoshlik asosida yuborilgan sayyohlarni temir yoʻl masʼul xodimlari poyezddan tushirib yuborishga harakat qiladi. Bu qonuniy talab boʻlsa ham turli dilxiralikka olib kelishi tayin. Chunki u guruhdagi boshqa sayyohlarning hamkasbi, hayotiy zarurat tufayli boshqa bir sherigining oʻrniga yoʻlga chiqdi. Masʼullar buni tushunishni istamasligi sababli sayohatga otlangan 50 nafar yoʻlovchida, tashkilotchilarda asabbuzarlik boʻladi. Nahotki, bu borada almisoqdan qolgan eski tartiblarni oʻzgartirish qiyin?!
Darhaqiqat, aynan yoz fasli bilan bogʻliq yana bir jihatni aytib oʻtmasak boʻlmaydi. Poyezdning umumiy foydalanishdagi vagonlarida uzoq yoʻllarda kunning issiq haroratida yurish haddan ziyod qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Chunki vagonlarda sovitish tizimining bir maromda ishlashi muammo. Shu bois yoʻlda bunday jaziramada yoshi ulugʻ, sogʻligʻi bilan muammosi bor sayyohlar tugul sogʻlom odamni ham tobi qochib qolishi hech gap emas. Ayni jihatlarni inobatga olib, yozda sayohatga sogʻlom, 40 yoshgacha boʻlgan qatlamni yuborishga majbur boʻlmoqdamiz. Albatta, bu kabi omillar ichki turizm rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Oʻz navbatida, poyezd kuzatuvchilarining muomala madaniyati, xizmat koʻrsatish sifati talabga javob bermaydi. Har qalay oʻzimiz koʻnikkanmiz, ularning dagʻal va zardali xizmatidan baʼzan xorijlik sayyohlar oldida uyaladi odam. Vagonda hamisha choy yoki qaynatilgan suv topish mushkul. Bekatlarda yoki vagonda sotiladigan oziq-ovqat mahsulotlari sifatiga hech qanday kafolat yoʻq. Shunday boʻlsada, yoʻlovchilar baʼzan sotuvchilardan bunday mahsulotlarni bozor narxidan qimmatiga sotib olishga majbur. Vagondagi restoran-kafedagi narxlar yanada qimmat.
Maqsad turizmni rivojlantirish ekan, temir yoʻl xizmati isloh qilinishga muhtoj. Bu borada, ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirilayotgan eʼtirozlarni oʻqib, temir yoʻl xizmati bilan bogʻliq muammo koʻpchilik hamyurtlarimizning “bosh ogʻrigʻi” ekanini yaqqol his etish mumkin.
Xalqimizda birinchi taassurot aldamaydi, degan yaxshi bir gap bor. Xorijlik yoki mahalliy sayyoh boʻlsin, mazkur xizmatdan foydalanganda xotirasida qolgan jihatlar hech qachon esidan chiqmaydi. Temir yoʻl sohasi mutasaddilari buni aslo unutmasligi zarur.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring