Tashqi iqtisodiy faoliyatda shaffoflik taʼminlanmoqda

13:32 26 Yanvar 2023 Jamiyat
891 0

Foto: Xalq so‘zi

“Navoiyuran” uran oksidi va ammoniy perrenati tayyor mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va yuz foiz eksport qiluvchi yirik korxonalardan biri hisoblanadi. Demakki, viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlik ushbu davlat korxonasi faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biri, desak yanglishmaymiz.

Prezidentimizning 2022-yil 14-iyuldagi “2022 — 2030-yillarda «Navoiy uran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori bilan belgilangan eksport koʻrsatkichlarini bajarish uchun 2022-2026-yillar davomida ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan tabiiy uran hajmlari Yaponiyaning “Itochu” va “Marubeni” kompaniyalariga, Kanadaning “Cameco” va uning shoʻba korxonasi boʻlgan AQSHdagi “Nukem” kompaniyalariga, Hindistonning Atom energetikasi departamentiga hamda Janubiy Koreyaning “KHNP” kompaniyasiga eksport qilinishi boʻyicha tegishli shartnomalar imzolangan.

Mazkur shartnomalarga koʻra “Navoiy uran”ning bojxona yuklarini rasmiylashtirish “Bojxona yuklarini deklaratsiyalash va sertifikatlashtirish xizmati” mutaxassislari tomonidan elektron tarzda amalga oshiriladi.

— Ushbu xizmatning asosiy vazifasi import va eksport tovar mahsulotlarini bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish, yaʼni tegishli sertifikatlarni olish, ishtirokchi korxona tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga asosan mahsulotlar uchun tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodlarini aniqlash hamda import qilinadigan mahsulotlarning rasmiylashtiruvi uchun toʻlanadigan bojxona toʻlovlari boʻyicha xulosalar berish hisoblanadi, — deydi “Navoiyuran” DK bojxona yuklarini deklaratsiyalash va sertifikatlashtirish xizmati boshligʻi Hasan Muxtorov. — Ushbu soddalashtirilgan tizim va tezkor amalga oshirilayotgan rasmiylashtiruv korxona oldiga qoʻygan rejalar va marralarni oʻz vaqtida amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, korxonaning eksport salohiyatini oshirish va xorijiy hamkorlar bilan oʻzaro ijobiy munosabatlarni mustahkamlashda asosiy vosita boʻlib xizmat qilmoqda. Ayniqsa, “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postida sutkaning 24 soat davomida bojxona rasmiylashtiruvlari amalga oshirilayotgani eksportyorlarning kunning xohlagan qismida eksport amaliyotini amalga oshirishiga imkon beryapti.

“Navoiyuran” davlat korxonasi tomonidan 2022-yil davomida 26 ta partiyada uran oksidi va ammoniy perrenati mahsulotlari bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilib, 274 ta fitosanitar sertifikatlar rasmiylashtirildi.

— “Navoiyuran” DK oʻzining eksport-import operatsiyalarini bizning “Tinchlik” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida amalga oshirib kelayotgan edi, — deydi Navoiy viloyat bojxona boshqarmasi masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona posti inspektori Alisher Baratov. — Prezidentimizning tegishli farmonlari bilan 2022-yilning 1-mayidan boshlab “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlari tashkil etildi. Mazkur bojxona postlarining tashkil etilishi bilan tizimda shaffoflik taʼminlanmoqda.

Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, korxona tomonidan oʻtgan yil yakunlari bilan mahsulotlar eksporti 118,9 foizga bajarilib, 2021-yilga nisbatan oʻsish surʼati 110,2 foizni tashkil etdi.

Albatta, ushbu koʻrsatkichlarni bajarish va korxonaning xalqaro miqyosdagi mavqeyi yuksalishida kasbiy salohiyati yuqori, tezkor va harakatchan bojxona organlari xodimlarining yordamlari katta boʻlmoqda.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер