Tashabbus yoʻq joyda rivojlanish boʻlmaydi
Foto: Xalq so‘zi
Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov 2021-yil 30-noyabr kuni Yozyovon tumaniga tashrifi chogʻida kichik sanoat zonalarida olib borilayotgan ishlarni tanqid qilib, bu borada tadbirkorlarni tashabbuskor boʻlishga undagan edi. Xoʻsh, oradan qariyb bir yil vaqt oʻtdi. Bu borada qanday oʻzgarishlar boʻldi?
Yozyovon tumanida ishlab chiqarish, sanoat, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda qoʻshimcha yangi ish oʻrinlari yaratish maqsadida 5 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilgan. Shu tariqa tumanda kichik sanoat zonalari uchun 18,3 ga yer maydoni ajratilib, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish istagidagi tadbirkorlarga yerlar nol qiymatda taqsimlab berildi.

Oʻtgan davrda 4 ta kichik sanoat zonasi 84 ta lotga ajratilib, 41 ta loyiha joylashtirildi. Bu loyihalar doirasida 317,2 mlrd soʻm mablagʻ oʻzlashtirilib, 1 ming 211 ta ish oʻrni ochish rejalashtirilgan. Hozirgi kunda bitta yangi tashkil etilgan kichik sanoat zonasini lotlarga ajratish ishlari amalga oshirilmoqda.
“Guliston-1” kichik sanoat zonasiga 17 ta loyiha joylashtirilgan boʻlib, bugungi kunda 15 ta loyihada qurilish ishlari olib borilmoqda. Shu paytgacha ikkita loyihada qurilish ishlari boshlanmagani sababli tegishli qarorga asosan shartnoma bekor qilindi va u yangidan elektron auksion savdolariga qoʻyilmoqda. Shu kunlarda 15 ta loyihadan faqat 5 tasida tadbirkorlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan, xolos.
Shuningdek, “Guliston-2” kichik sanoat zonasida 22 ta lotda 12 ta loyiha joylashtirilgan boʻlsada, uch nafar tadbirkorgina ishlarni muvaffaqiyatli bajardi. Qolgan 9 ta loyiha boʻyicha belgilangan ishlar yakuniga yetkazilgani yoʻq.
“Toshhovuz” kichik sanoat zonasiga ajratilgan 24 ta lotda 12 ta loyiha joylashtirilgan boʻlsa, bor-yoʻgʻi 2 ta loyihada ishlar boshlangan. Oʻnta loyiha boʻyicha haligacha tadbirkorlarning tashabbusi koʻzga tashlanmayapti. “Suvliariq” kichik sanoat zonasida 12 ta lotda 3 ta loyiha joylashtirilgan va birortasida amaliy saʼy-harakatlar sezilmaydi.

— Kichik sanoat zonalarida joylashtirilgan barcha loyihalar boʻyicha bugungacha ishlar yakunlangan boʻlishi, bozor talabi va ehtiyoji asosida xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilishi kerak edi,-deydi Yozyovon tumani hokimi oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo boʻlimi boshligʻi Farhodjon Mamatqulov. — Afsuski, yozyovonlik baʼzi tadbirkorlarda tashabbus yoʻq. Tashabbus yoʻq joyda esa taraqqiyot – investitsiya, eksport rejalarini bajarib boʻlmaydi.
Misol uchun, oʻtgan vaqt davomida “Hamroqulov Jamoliddin Ibrohimovich”, «Abdulazizbek Fayz-2021», “Soyboʻyi qurilish savdo”, “Yozyovon katta karvoni”, “Dolina liana”, “YMO PREMIUM UNIFORM” xususiy korxonalari, «Hosilboy Nodirboy fayz», “Vodiy lazzat issiq non”, “Yozyovon Umid Sari”, “Turgʻunov Muhammadyusuf Isroil oʻgʻli”, “Adolat koʼmak biznes”, «Qoratepa yuksalish tekstil”, «Buyuk turon marvaridi» MCHJlari, «Botirov Dilshod Mahamadaliyevich», «Sahovatli Hasanboy ota» singari tadbirkorlik subyektlari bir necha bor ogohlantirilishiga qaramay, haligacha belgilangan ishlarni bajarmay kelishmoqda.
Shunisi aniqki, bundan buyon ushbu loyihalar doirasida belgilangan ishlarni oʻz muddatida amalga oshirmagan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ajratilgan yer maydonlarini sud tartibida qaytarib olish boʻyicha jiddiy choralar koʻriladi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring