Tarixiy atamalar ham nomoddiy madaniy meros hisoblanadi
Foto: Xalq so‘zi
Yurtimizda jadal obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari bilan birga koʻcha va mahallalarga yangi-yangi nomlar qoʻyilmoqda. Bu yaxshi, albatta. Ammo bu ishlar ortidan aholi orasida yangi nom va eski nomni adashtirish, yoxud bir mahalla nomi bilan boshqa bir qishloq nomining oʻxshash boʻlib qolishi natijasidagi chalkashliklar kelib chiqishi hollari ham uchramoqda. Bu esa taassuflidir.
Bunday oʻzgartirilgan nomlar doim ham oʻzini oqlamaydi. Oʻtmishga nazar solsak, bir joyning nomi bir necha bor oʻzgartirilganini koʻrishimiz mumkin. Bunday holatlar ortiqcha ovoragarchilikdan boshqa narsa emas. Aslida toponimlar oʻz-oʻzidan kelib chiqmaydi. Har bir joy nomi oʻziga xos tarixiy ahamiyatga ega holda yoki oʻsha hududning qandaydir xususiyatiga atab qoʻyiladi.
Masalan, Gʻallaorol tumani nomiga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Ushbu nomning oʻzidanoq Gʻallaorol haqida oz boʻlsada tasavvur hosil qilishingiz mumkin. Yaʼni bu yerlik aholining aksariyati azaldan hududning nomiga xos va mos ravishda lalmikor yerlarda gʻalla yetishtirish bilan shugʻullanib keladi. Shunga koʻra tuman nomi “gʻallaning oroli, makoni” degan mazmunni beradi.
Shu tumanda Tutli va Qoraqoʻyli qishloqlari bor. Bu qishloqlar ham hudud xususiyatiga koʻra nomlanganini koʻrishimiz mumkin. Tutli qishlogʻida uzoq oʻtmish davrlariga guvoh boʻlgan azim tut mavjud. Qoraqoʻyli qishlogʻidagi nuroniy otaxon-onaxonlarimizning aytishicha, bu yerlarda ilgari qorakoʻl qoʻylari boqilib, odamlarning asosiy mehnat faoliyati chorvachilik boʻlgan. Koʻpchilik bu yerni “Qorakoʻl qoʻylari bor joy”deb tanigan. Keyinchalik bu atama xalq tilida sayqallanib, “Qoraqoʻyli” nomiga aylangan.
Yangi manzillarga yangicha nomlar qoʻyilishi yaxshi, lekin qadimiy nomlarni oʻzgartirish, nazarimizda, tarixiy yodgorliklarni yoʻq qilish bilan tengdir. Nom katta yoki kichik qishloqniki boʻlsin, har biri tarixiy ahamiyatga ega. Demak, asrlar osha tildan-tilga oʻtib kelayotgan atamalar ham nomoddiy madaniy meros hisoblanadi. Shunday ekan, moddiy meroslarimizni qanday asrayotgan boʻlsak, xalqimiz oʻtmishidan soʻzlovchi joy nomlarini ham oʻz holicha saqlab qolish maqbuldir.
Muslima MANSUR qizi,
Guliston davlat universiteti talabasi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring