Tarixi va taqdiri mushtarak xalqlar mamlakati
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan “Yangi O‘zbekiston — tarixi va taqdiri mushtarak xalqlar mamlakati” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan shiddatli, ko‘lamdor va natijador islohotlar, insonparvarlik hamda bag‘rikenglik tamoyillari asosida yuritilayotgan oqilona siyosat mamlakatimizda istiqomat qilayotgan ko‘p millatli xalqimizning o‘zaro totuv, osoyishta, emin-erkin va farovon hayot kechirishi uchun o‘ziga xos zamin yaratmoqda.
Davlatimiz rahbari boshchiligida jamiyatda barqarorlik, tinchlik va totuvlikni ta’minlash, fuqarolar ongida turli millatli yagona oilaga mansublik tuyg‘usini kuchaytirish, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xorijiy, eng avvalo, qo‘shni davlatlar bilan ko‘p qirrali do‘stona munosabatlarini tiklash va kengaytirish borasida qo‘yilgan yirik qadamlar jahon hamjamiyati tomonidan yuqori baholanmoqda.
Tadbirda sohada olib borilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish va huquqiy poydevorini mustahkamlash maqsadida Parlament tomonidan amalga oshirilayotgan qator ustuvor vazifalar e’tirof etildi.
Jumladan, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizning muqaddimasi va tegishli moddalarida millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlash, millat va elatlarning tillari, urf-odatlari, an’analarini hurmat qilish, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratish, shuningdek, barcha fuqarolar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekanligi mustahkamlandi.
Shu bilan birga, Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida ham jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash bilan bog‘liq muhim taklif va tashabbuslar ilgari surilgani aytib o‘tildi. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2021 yil 10 fevralda qabul qilingan qonunga muvofiq, 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni deb e’lon qilingani jamiyatimizda katta voqelikka sabab bo‘lgani ta’kidlandi. Xususan, ushbu bayramning keng nishonlanishi insonlar, xalqlar, davlatlar – umuman olganda, jamiyatning turli qatlamlari hamda tuzilmalari o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik, millatlararo totuvlikni mustahkamlash va do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbir davomida davlatimiz tomonidan Yangi O‘zbekistonning tinchliksevar va xalqparvar siyosatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish borasidagi katta xizmatlari, yosh avlodni vatanparvarlik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ibratli ishlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh insonlar “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlab kelinayotganligi qayd etildi.
Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari Vatan ravnaqi yo‘lida yashab, mehnat qilayotgani, Qonunchilik palatasida faoliyat olib borayotgan deputatlar safida ham turli millat vakillari borligi, 40 ga yaqin milliy madaniy markazlar, 34 ta do‘stlik jamiyatlari faoliyat yuritayotgani, ta’lim muassasalarida o‘quvchilar uchun 7 ta tilda ta’lim berish yo‘lga qo‘yilgani alohida e’tirof etildi.
Bundan tashqari, tadbirda so‘zga chiqqanlar bugungi kunda parlament nafaqat vakillik, qonun ijodkorligi, nazorat faoliyatini amalga oshirish, balki, Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan, ochiq, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi hamkorlikka qaratilgan tashqi siyosatni yuritishda ham faol ishtirok etayotganligiga urg‘u berdilar.
Xususan, Qonunchilik palatasi huzurida tashkil etilgan 58 ta parlamentlararo hamkorlik guruhlari bugun jamiyat taraqqiyoti, millatlararo totuvlikni mustahkamalash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Tadbir yakunida hozirgi notinch va tahlikali zamonda insoniyat duch kelayotgan murakkab muammolar, xavf-xatarlarni birgalikda bartaraf etishda, turli tahdidlarning oldini olishda barcha manfaatdor davlatlar, ayniqsa, qo‘shni mamlakatlar hamda nufuzli xalqaro tashkilotlarning sa’y-harakatlarini birlashtirishni bugun hayotning o‘zi taqozo etayotgani, ushbu global masalalarni hal etishda do‘stlik hal qiluvchi kuch ekanligi borasida fikr almashildi.
Tadbir yakuni bo‘yicha tegishli tavsiya va takliflar ishlab chiqildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring