Targʻibot vositalari milliy mentalitetimizga mosmi?
Foto: Xalq so‘zi
Bugun yurtimizning istalgan shahri yoki tuman markazini aylanib, yirik savdo markazlari, xizmat koʻrsatish va servis shoxobchalari, koʻngilochar maskanlar peshtoqidagi ajnabiy nomlarni koʻrib, hayratlanmay ham qoʻydik. Koʻnikdik. Biroq ayni chogʻda koʻngilni tirnab oʻtadigan joyi ham borki, bir qarashda jimjimador, lekin tushunarsiz, koʻp hollarda esa tilimizga, dilimizga yot boʻlgan bunday nomlarni tanlashdan koʻzlangan maqsadlarning tub ildizlari kishini sergak torttiradi. Binobarin, har qanday tashqi targʻibot vositasi milliy maʼnaviyatimiz koʻzgusi hisoblanadi. Qolaversa, ular xuddi kitob singari kuchli taʼsirga ega.
Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida joylashgan Temiryoʻlchilar saroyida Oʻzbekiston Respublikasi “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasining oʻtgan yil yakunlari hamda joriy yilgi ustuvor vazifalar ijrosiga bagʻishlangan respublika koʻrgazmali seminarida ana shu muammolar tilga olindi, sohada olib borilayotgan ishlar tahliliy-tanqidiy ruhda muhokama qilindi.
Unda ijodiy uyushmaning Kengash boshqaruvi aʼzolari, viloyat, shahar-tuman boʻlimlari rahbarlari hamda Fargʻona viloyati hokimligi masʼullari qatnashib, oʻzaro fikr almashdilar.
Seminar avvalida ijodiy uyushma tomonidan tayyorlangan namunali koʻrgazmali targʻibot vositalari tashkil etilib, sohada erishilayotgan yutuqlar va amaliy tajribalar namoyish etildi. Shu mavzuda tayyorlangan tahliliy videolavhada maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini taʼminlashda tasviriy targʻibot vositalarining oʻrni muhimligi koʻrsatib berildi.
Tadbirni Qoʻqon shahar hokimi Maʼrufjon Usmonov kirish soʻzi bilan ochib, tadbirkorlik, turizm jadal rivojlanayotgan latif shaharda ulugʻ ajdodlardan meros tarixiy, madaniy, adabiy merosni keng targʻib etish borasida olib borilayotgan ishlar bilan qisqacha tanishtirib oʻtdi.
“Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi boshqaruvi raisi Isfandiyor Latipov oʻtgan yili uyushma tomonidan vatanparvarlik, mamlakatimizda barcha sohalarda erishilayotgan yutuqlarni keng targʻib etishga qaratilgan izchil saʼy-harakatlar boʻyicha maʼlumot berildi.

Maʼruzada tasviriy-targʻibot vositalarini tayyorlashda hududlarda yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar, milliy mentalitetimizga xos boʻlmagan vositalardan foydalanish holatlari koʻp uchrayotgani achinarli ekanligi taʼkidlandi. Bu borada mahalliy hokimliklar va boshqa mutasaddi idoralar oʻzaro hamkorlikda faoliyat yuritishi muhimligiga eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlab oʻtilganidek, ijodiy uyushma boʻlimlari mahalliy hokimliklar buyurtmasi asosida shahar, tuman markazlari, aholi yashash manzillarida ona Vatanga muhabbat va maʼnaviy qadriyatlarga ehtirom ruhida tarbiyalovchi shiorlar va matnlardan foydalanib, markaziy koʻchalar, bozorlar, xiyobonlar, bekatlar, avtotransport vositalari hamda odamlar gavjum joylarga, ommaviy tadbirlar oʻtkaziladigan manzillarga bannerlar, plakat va boshqa tasviriy-targʻibot vositalarini joylashtiradi.
— Mamlakatimizda tinchlik va barqarorlik, millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik yoʻlida olib borilayotgan islohotlar, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasiga doir davlat dasturlari asosida yangilanish va islohotlar jarayonining asl ijodkorlari - zamondosh fidoyi yoshlar, qahramon yurtdoshlarimiz ekanligini keng aks ettiruvchi koʻchma fotokoʻrgazmalar tashkil etish faoliyatimizning yana bir ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi, — dedi I. Latipov.
Tadbirda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi, Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi Kengashi aʼzosi Akmal Nuriddinov (Akmal Nur), Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Fayzullo Qosimov mushtarak maqsad yoʻlida samimiy hamkorlikda ishlash maqsadga muvofiq ekanini qayd etdilar.
Shuningdek, seminarda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili – yorugʻ kelajagimiz poydevori” nomli tavsiyalar qoʻllanmasining taqdimoti ham oʻtkazildi.

Tavsiyaviy qoʻllanma sahifalarida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasidan, tantanali marosimlardagi nutqlari, bayram tabriklari, asarlaridan olingan iqtiboslar, donishmandlarning hikmatlari, hadislar, xalq maqollari, sheʼriy misralar, ona-Vatanni himoya qilish, mustaqillikni mustahkamlash, innovatsion rivojlanish, Uchinchi Renessans, ayollarni ulugʻlash, millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik va milliy qadriyatlarimizni eʼzozlashga undovchi shiorlar hamda yurtimizning ijtimoiy taraqqiyoti bilan bogʻliq dolzarb mavzulardagi qayd va matnlar jamlangan.
Tavsiyalar turli bayram tadbirlari oʻtadigan joylar, markaziy koʻchalar, xiyobonlar, bozorlar, bekatlar hamda odamlar gavjum boʻladigan, ommaviy tadbirlar oʻtkaziladigan manzillarga oʻrnatiladigan bannerlar, plakatlar va turli tasviriy-targʻibot vositalarini tayyorlashda, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni bezashda foydalanish uchun tarqatildi.
Ikki kunlik seminar davomida tadbir ishtirokchilari Fargʻona viloyatidagi qurilish-bunyodkorlik ishlari, tashqi targʻibot vositalarini joylashtirish va bezash jarayonlari bilan bogʻliq amaliy tajribalar bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlar uchun Rishton tumanida joylashgan Xalkaro kulolchilik markazi, taniqli kulol Ravshan Tojiddinov tomonidan tashkil etilgan kulolchilik galereyasi, Uchkoʻprik tumanida “Mehrigiyo” oilaviy korxonasi, “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasidagi tadbirkorlik subyektlari faoliyati hamda Qoʻqon shahridagi Xudoyorxon oʻrdasi, Allomalar muzeyi boʻylab maroqli sayyohatlar uyushtirildi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring