Tarbiyachining nomaqbul harakatlariga huquqiy baho beriladi — Bolalar ombudsmani
Videodan kadr
Avvalroq Navoiy shahrida nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachisi bolalarga nisbatan oʻta qoʻpol munosabatda boʻlib, jismoniy zoʻravonlik qilgani ortidan ishdan olingani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat Bolalar ombudsmanining nazoratiga olinib, IIV va Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tomonidan oʻrganilmoqda.
Aniqlanishicha, joriy yilning 8-aprel kuni Navoiy shahrida joylashgan xususiy bolalar bogʻchasida tarbiyachi E.N. (23 yoshli ayol) voyaga yetmagan bolalar D.S. va M.Z.ga nisbatan qoʻpol munosabatda boʻlib, ularga jismoniy kuch ishlatgan.
Hozirda holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Taʼkidlanishicha, tarbiyachining nomaqbul harakatlariga huquqiy baho beriladi.
Bolaga nisbatan qoʻpol xatti-harakatlari fakti viloyat MTMTB tomonidan oʻrganilib, tarbiyachi E.N. bilan tuzilgan mehnat shartnoma bekor qilingan hamda ushbu muassasa faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan.
“Mutasaddi idoralar bu kabi zoʻravonlik holatlarni oldini olish boʻyicha preventiv choralar va tizimli nazorat kuchaytirilishiga jiddiy eʼtibor qaratishi zarur.
Jumladan, pedagog va tarbiyachilar tegishli vazifa yoki lavozimga tayinlanishidan avval maxsus psixologik koʻrikdan oʻtkazilishi kerak. Nomunosib xulqli, bola sogʻligʻi uchun xavfli shaxslar taʼlim-tarbiya muassasalarida faoliyat yuritishiga yoʻl qoʻyish mumkin emas.
Chunki taʼlim muassasasi bola uchun tazyiq va qoʻrquv manbai emas, balki sogʻlom, xavfsiz va doʻstona muhit makoni boʻlishi shart”, deydi Bolalar ombudsmani.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring