Tarbiyachi — bolalarga ikkinchi ona
2020-yili maktabgacha taʼlim tashkiloti qurish maqsadida nol qiymatda yer olib, 100 oʻrinli nodavlat bolalar bogʻchasi ochdik. Bogʻchamizga tajribali, bilimli tarbiyachilarni saralab qabul qildik.
Tarbiyachining ishi ogʻir, masʼuliyatli, shu bilan birga, sharafli. Negaki, har bir bolaning oʻz olami boʻladi. Tarbiyachi har bir oʻgʻil-qizga xarakteridan, tabiatidan, oilaviy muhitidan kelib chiqib, munosabatda boʻlmasa, nafsilamrini aytganda, mehrini, yurak taftini bermasa, ularning qalbiga yoʻl topa olmaydi. U bolalarga onasidek mehribon boʻlishi kerak. Ayni paytda, bilim, tarbiya berib, maktabga samarali tayyorlay olishi zarur.
Maskanimizda ana shunday tamoyil asosida ish tashkil etilgan. 15 dan ziyod tarbiyachilarimiz 150 nafar boladan bor mehr-eʼtiborini ayamayapti. Tajribali ustozlar bolajonlarga ingliz va rus tili, mental arifmetika, gimnastika, karate va musiqa toʻgaraklarida taʼlim-tarbiya berib kelyapti. Buning uchun muassasamizda barcha sharoit yaratilgan.
Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi besh-olti yilda maktabgacha taʼlim tizimi butunlay yangicha asosda rivojlantirilmoqda. Sohaga keng imtiyozlar berildi. Tizimda ishlayotganlar eʼzoz-ehtirom koʻrmoqda. Xususan, mening ham mehnatlarim yuksak baholanib, Prezidentimiz tomonidan oʻtgan yili ІІ darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlandim. Bu juda katta sharaf, deb baralla ayta olaman. Bu yoʻlda oʻz bilim va tajribamni ayamayman.
Husniya RAHMONOVA,
Payariq tumanidagi “Happy Dreams House” nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbari.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring