Tarbiya pedagogikasi – yangi davrning maʼnaviy ehtiyoji
Odamzot paydo boʻlibdiki, tarbiya degan tushuncha bor. Aniqroq aytadigan boʻlsak, “inson” va “tarbiya” degan tushunchalar bir-biri bilan chambarchas bogʻliq atama.
Baʼzilar pedagogikani bola haqidagi fan deb tushunadi. “Pedagogika” soʻzining maʼnosi garchi “bola yetaklayman” degani boʻlsada, ushbu fan eng avvalo, inson tarbiyasi bilan bogʻliq fan hisoblanadi. Fransuz adibi Antuan de Sent-Ekzyuperi “Tarbiya taʼlimdan ustun turadi. Insonni tarbiya voyaga yetkazadi”, deb bejiz aytmagan. Shu maʼnoda “tarbiya pedagogikasi” degan ibora chuqur falsafiy mazmunga ega tushuncha.
Yaqinda davlatimiz rahbari ishtirokida maktab taʼlimi sifati va pedagoglar malakasini oshirish boʻyicha oʻtkazilgan tadbirda Qori-Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti negizida Tarbiya pedagogikasi milliy institutini tashkil etish taklifi keng jamoatchilik oʻrtasida katta qiziqish uygʻotdi.
Ushbu yangilangan institutga uch halqa – “mahalla – ota-ona – maktab” hamkorligini kuchaytirish, tarbiyaga doir adabiyotlar yaratish, jadid bobolarimizning tarbiyaviy gʻoyalarini ilmiy tadqiq etish vazifalari qoʻyildi. 5 ta ixtisoslik boʻyicha ilmiy kengash faoliyatini hamda magistratura va doktorantura boʻyicha kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish kabi muhim vazifalar topshirildi.
Tarbiya pedagogikasi milliy institutini tashkil etishning tarixiy ahamiyati nimada va u qanday maqsadga qaratilgan? Avvalo shuni taʼkidlash kerakki, tarbiya – bugun jamiyatimizga suv va havodek zarur. Farovon turmushimizni taʼminlashning eng ishonchli yoʻli va kafolati. “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat” degan iboraning oʻzi buni yaqqol tasdiqlab turibdi. Ayniqsa, bugungi yangilanish davrida tarbiya jarayoni mamlakatimizdagi demokratik islohotlarning oʻzagini tashkil etadigan, uning kelajagi, xalqimizning ertangi kuni va istiqbolini belgilab beradigan omil sifatida tobora dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgani ham ayni haqiqat.
Aslida, “taʼlim” bilan “tarbiya” oʻzaro aloqadorlikda, uzviy bogʻliqlikda va oʻzaro taʼsirda boʻlgan, bir-birini taqozo etadigan, bir-birini toʻldirib va boyitib boradigan tushunchalardir. Eng avvalo, maktablarda tarbiya fanini oʻqitishning sifati va natijadorligini oshirish faqatgina maktabgacha va maktab taʼlimi yoki oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirliklarining emas, aynan, mana shu oliygohning ham faoliyati mazmuniga aylansa, tarbiyadan koʻzlangan maqsadlarga erishish imkoniyati oshadi.
Hozirgi kunda tarbiya fanini oʻqitish borasida qanday jarayon kuzatilyapti, ushbu fanning ilmiy va oʻquv-metodik taʼminoti, fanning istiqbollari qanday? Shu kabi masalalarni oʻrganish, ilmiy tadqiq etish, ushbu fanni oʻqitishning eng qulay, zamonaviy pedagogikaga asoslangan yechimlarini topish va amaliyotga joriy etish yangi milliy institut faoliyatida muhim yoʻnalish boʻlib qolishiga mutaxassis pedagoglar umid bogʻlamoqda.
Tarbiya pedagogikasi, avvalo, oʻquvchi yoshlarning bilim olishga, mehnatga boʻlgan qiziqishini kuchaytiradi. Shuning barobarida oʻquvchida muloqot madaniyati, kommunikativlik fazilatlari, aqliy salohiyat shakllanib boradi, bilimi va oʻzligini namoyon etish xususiyatlari kuchayadi. Ularda qiyinchiliklardan qoʻrqmaslik, mardonavorlik va mustahkam iroda koʻnikmalari tarkib topadi. Oʻz-oʻziga tanqidiy baho berish, kamchilik va nuqsonlarni bartaraf qilishga intilish, ijtimoiy normalarga mos xulq-atvorni egallash koʻnikmalari shakllanadi. Oʻquvchida insoniylik, mehr-oqibat, oʻzgalarni hurmat qilish kabi fazilatlarni shakllantirishiga zamin tayyorlanadi. Milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, bagʻrikenglik xususiyatlari qaror topadi.
Aslida tarbiya fani oʻqituvchisini tarbiya pedagogikasini targʻib qiluvchi mutaxassis deb tushunish mumkin. U pedagogik mahorat bilan bir qatorda maʼnaviy va mafkuraviy yetuklik, kasbiga sadoqat, uni hayotining mazmuni deb bilish, vatanparvarlik, gʻururlilik, ilmga moyillik, bilimdonlik, tashkilotchilik, xushmuomalalik, kommunikativlik kabi shaxsiy sifatlarga ega boʻlishi lozim.
Bugungi oʻqituvchi oʻz bilim va tajribasini tinmay oshirib borishi, butun hayoti davomida oʻquvchi boʻlib qolishi kerak. Ozgina bilim olish uchun ham koʻp oʻqish kerak. Sharq-u gʻarbning ulugʻ donishmandlari hikmatlarida aytilganidek, yuksak gʻoyaviy maqsadlarga asoslanmasdan taʼlim-tarbiya borasida mukammal maʼnaviyatga erishish mumkin emas. Biz bugun yangi davrni, yangi Oʻzbekistonni, eng avvalo, maʼrifatli jamiyatni barpo qilmoqdamiz. Demak, tarbiya pedagogikasi xalqimizni maʼrifatli jamiyat sari yetaklaydigan yoʻlchi yulduz – mayoq boʻlishi lozim.
Zayniddin Boltayev,
Komil Haydarov,
Oʻzbekiston—Finlyandiya pedagogika instituti professorlari.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring