Taraqqiyot yoʻli – maʼrifatda
Foto: Xalq so‘zi
Har qanday mamlakat, jamiyatning taqdiri, kelajagi bugun unib-oʻsib, katta hayotga kirib kelayotgan yangi avlod taʼlim-tarbiyasiga bogʻliq. Shu maʼnoda, hozirgi kunda muhtasham taʼlim dargohlari, fayzli va orasta koʻchalarimizda har jihatdan barkamol, bilimli, ikkita-uchta xorijiy tillarda bemalol soʻzlasha oladigan yoshlarni koʻrganda, qalbim gʻurur-iftixorga toʻladi. Bu yigit-qizlar menga Oʻzbekistonning nurli istiqboli, tinch va farovon kelajagi timsoli boʻlib koʻrinadi.
Qariyb 50 yil – yarim asrdan buyon taʼlim tizimida faoliyat koʻrsataman. Oʻqituvchilik hayotimning mazmuniga aylangan. Chorak asrdan ziyod vaqt mobaynida Margʻilon pedagogika kollejida chet tillar kafedrasida oʻqituvchisi sifatida faoliyat koʻrsatib kelmoqdaman. Oliy toifali oʻqituvchi, “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak-nishoni sohibiman. Eng muhimi, taʼlim dargohlari uchun oʻz kasbini sevib-ardoqlaydigan mutaxassislar tayyorlashdek sharafli yumush menga oʻzgacha zavq bagʻishlaydi.

Kasb bayrami munosabati bilan muhtaram Prezidentimizning oʻqituvchi va murabbiylarga yoʻllagan tabrigini oʻqib. yana uzoq yillar gʻayrat-shijoat bilan ishlagim keldi. Tabrikda juda oʻrinli eʼtirof etildiki, muallimning obroʻ-eʼtibori – bu avvalo millatning, butun xalqning obroʻ-eʼtiboridir.
Darhaqiqat, keyingi yillarda jamiyatimizda oʻqituvchining obroʻ-eʼtibori tom maʼnoda yuksaldi. Taʼlim dargohlarining moddiy-texnik bazasi yaxshilandi, oliy taʼlimga qamrov koʻrsatkichi oshdi. Taʼlimning oʻrta boʻgʻin tizimida oʻqitish, kasb-hunarga yoʻnaltirish borasida zamon talabiga mos oʻzgarishlar boʻldi.
2022-2026-yillarda xalq taʼlimini tizimini rivojlantirish boʻyicha Milliy dastur qabul qilingani, taʼlim tizimini rivojlantirish masalasi Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida amalga oshiriladigan eng asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangani ushbu sohada hayotbaxsh islohotlar izchil davom etishidan dalolat beradi.
Har yili kasb bayramida hamkasblar, shogirdlar ehtiromi qalbimni togʻdek yuksaltiradi. Shu bois ezgu maqsadlar yoʻlida davlatimiz rahbariga yelkadosh boʻlishni oʻzimga sharafli burch hisoblayman.
Susana PARPIYEVA,
Margʻilon pedagogika kolleji oʻqituvchisi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring