Taqdirlash marosimi qizgʻin davom etmoqda
Foto: Hakimjon Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.
“Xalq soʻzi ONLINE”/Yulduz Oʻrmonova. Ayni paytda Alisher Navoiy nomidagi Davlat Akademik katta teatrida oʻtkazilayotgan “Oʻzbegim ayoli” Milliy mukofotini tantanali topshirish marosimi qizgʻin davom etmoqda. Ayni paytgacha “Irodali ayol” va “Qobiliyatli ayol” nominatsiyalari gʻolibalari aniqlandi. Biz ularning dil izhorlariga quloq tutdik.
— Bugun men “Irodali ayol” nominatsiyasi gʻolibi deb topildim, — deydi alpinist Iroda Rapiqova. — Alpinistlarda shunday bir gap bor: “Biz togʻu toshlarni emas, oʻzimizni zabt etamiz”. Shu sababdan sport bugun mening butun hayotimga aylangan. Mamlakatimizda ayollar sportiga qaratilgan eʼtibordan juda ham xursandman.

Gʻoliblar orasida oʻqituvchi, tikuvchi, fermer ayollar, qolaversa, qutqaruvchi, harbiy, temir yoʻl xodimi kasbining boshini tutgan xotin-qizlarning ham borligi bizni xursand qiladi. Bu oʻzbek ayoli har bir sohada ilgʻor ekanligini koʻrsatadi.
— Bolaligimda aktrisa yoki tarjimon boʻlaman, deb orzu qilar edim, — deydi “Qobiliyatli ayol” nominatsiyasi gʻolibi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati bort kuzatuvchisi Raʼno Bobobekova. — Styuardessalikda esa har ikki orzuyim ham mujassamlashgan, desam adashmayman. Bortdagi yoʻlovchilar bilan olti tilda suhbatlashish, tillashish har bir bort kuzatuvchisidan katta mahorat ham talab etadi. Koʻplab qobiliyatli ayollar orasida alohida qobiliyatli ayol deb eʼtirof etilganim menga ulkan quvonch bilan birga, masʼuliyat ham yuklaydi, yanada shijoat bilan ishlashga undaydi.

Milliy mukofot sovrindorlarini taqdirlash davom etmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring