“Taqdir hazili” qimmatga tushdi
Foto: Xalq so‘zi
Navoiy viloyati Xatirchi tumanidan boʻlgan Jamshidning boshdan kechirganlari oʻsha mashhur “Taqdir hazili yoxud qushday yengil boʻling” filmining bosh qahramoni Lukashinning taqdiriga oʻxshab ketadi. Farqi shundaki, filmda Jenya mastlik tufayli boshqa shaharga uchgan boʻlsa, bizning Jamshid sarxushlikda boshqa birovning mashinasini oʻgʻirlab ketadi.
Xullas, Jamshid doʻstlari bilan Navoiy shahridagi soʻlim kafelardan birida tungi soat 00:30 larga qadar ichkilikbozlik qilishadi. Tarqalishayotib, “kam boʻlib qolganligini sezib” yana bir manzilga borishadi. Keyin esa yana bir tanishining tugʻilgan kunini nishonlaydilar. Qolganini bizning «Lukashin» eslay olmaydi.
Jamshid ertasiga soat toʻqqizlar atrofida uygʻonadi. Jenyadan farqli oʻlaroq oʻz uyiga kelgan. Faqat samolyotda emas, Cobalt” avtomashinasida (oʻzi boshqarib) kelibdi. Bu kimning avtomashinasi, qanday uning qoʻliga tushib qolgan, YPX maskanlaridan qanday oʻtgan, hech birini xotirlay olmaydi. Shularni oʻylab, Jamshidning yuragi ortga tortib ketadi.
Hartugul qarindoshlar maslahatiga quloq tutib, IIB idorasiga xabar beradi. Tezkor vakillar kelishib, hujjatlar rasmiylashtiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi JKning tegishli moddasiga asosan jinoyat ishi ochilib, ish sudga oshiriladi.
— Sudlanuvchi sudda aybini tan olib, mazkur holat boʻyicha tergov jarayonida jabrlanuvchiga yetkazilgan barcha zararlarni qoplab berilgani, qilgan ishidan chin koʻngildan pushaymon ekanligini inobatga olgan holda unga nisbatan yengillik berishini soʻradi, — deydi Navoiy viloyat sudi sudyasiAbdumoʻmin Rahimov. — Sud mazkur holatlarni inobatga olib, sudlanuvchiniOʻzbekiston Respublikasi JKning 267-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topdi va JKning 57-moddasini qoʻllab, 1 yil 5 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.
Yana bir gap, amaldagi qonunchilikka koʻra Jamshid yana uch yil avtomashina boshqarish huquqidan ham mahrum etildi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring