Tanzaniyada nomaʼlum kasallik tarqalmoqda. Hozirda u bilan bogʻliq uchta oʻlim qayd etildi
Illyustrativ foto
Tanzaniya uch kishining oʻlimiga sabab boʻlgan nomaʼlum kasallikning avj olishini tekshirmoqda.
Mamlakat janubida joylashgan Lindi viloyatida jami 13 ta holat qayd etilgan. Kasallikning belgilari Ebola virusiga oʻxshaydi: isitma, kuchli bosh ogʻrigʻi, charchoq va qon ketish, shu jumladan burundan ketish.
Mamlakat sogʻliqni saqlash vazirligining aniqlik kiritishicha, laboratoriya tekshiruvlarining dastlabki natijalari Ebola virusi mavjudligini istisno qilgan. Rasmiylar yuqtirganlarning aloqalarini qidirmoqda va hozirda besh kishi izolyatsiyaga olingan.
Mamlakat bosh shifokori Ayfelo Sichalve tanzaniyaliklarni tekshiruv davom etayotgani va xotirjam boʻlishga chaqirdi. Shuningdek, u shunga oʻxshash alomatlarga ega boʻlganlarni darhol tibbiy yordamga murojaat qilishga chaqirdi.
Oldinroq, qushni Afgʻonistonning ikki viloyati — Hilmend va Zobulda bir sutkada 40 kishi vabo kasalligidan vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.
Afgʻonistonning “Khaama Press” agentligi xabariga koʻra, 10-iyul kuni bu yerda 120 dan ortiq odam vabo bilan kasallangan. Qayd etilishicha, kasallanganlarning aksariyati Bagʻron, Sivari va Daichopan tumanlari aholisidir. Har ikki viloyatga koʻchma tibbiy brigadalar joʻnatilgan. Agentlik ayrim fuqarolar sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilmagan holda davolanayotganligi sababli vabo oʻlim bilan yakunlanganini yozgan.
Bundan tashqari, “Tolibon” tomonidan tuzilgan Sogʻliqni saqlash vazirligi ham Qandahor viloyatida bir nechta infeksiya holatlari aniqlangani haqida xabar berdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring