Taniqli shoira tabarruk yoshda

10:39 20 Iyun 2023 Jamiyat
606 0

Bugun — Qoraqalpogʻiston xalq shoiri

Guliston Matyoqubova tavallud topgan kun

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi, Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Guliston Matyoqubova (Annaqilicheva) tabarruk yoshini nishonlamoqda.

Shoiraning oʻzbek va qoraqalpoq tillaridagi nafis sheʼrlari, magʻzi toʻq dostonlari, goʻzal esselari, hikoyalari, badialarini adabiyot ixlosmandlari yaxshi biladi, sevib mutolaa qiladi.

Xalq ogʻzaki ijodining teran tomirlaridan suv ichgan, yoniq tuygʻular tarannum etilgan bu asarlar oʻquvchini beixtiyor asir etadi, qalbiga yorugʻlik, koʻtarinkilik ulashadi.

Koʻngillarni ezgulikka toʻldirib kelayotgan shoira sheʼriyati bundan keyin ham oftob kabi nur sochib, badiiyat muhiblari yuragini azaliy qadriyatlarga oshno etaverishiga, ularning ruhiga oppoq tuygʻular, boqiy fazilatlarni singdiraverishiga ishonchimiz komil.

Ayni shukuhli damlarda shoiraga Yaratgandan mustahkam sogʻliq-salomatlik, xayrli ishlarida madadkor boʻlishini soʻraymiz. Gʻayratu shijoati hech qachon soʻnmasin! Ijod boʻstoni eng nafis, xush ifor gullarga burkanaversin!

Quyida ijodkorning sheʼrlaridan namunalar tuhfa etilmoqda.

Vaqt ertaklari

Mening olamimda boʻshliqlar yoʻqdir,

Cheksizliklarida uzoq manzillar.

Zulmatlar yoʻq unda, nurlar toʻkilib,

Faqat bahor boʻlib qolgan fasllar.

Mening olamimda mayin ohanglar,

Ishq toʻlqinlarida yulduzlar kuylar.

Rangli mushak kabi otilar tonglar,

Vaqt ertaklarini toʻqir sehrlar.

Mening olamimda yolgʻonlar yoʻqdir,

Nafis bir hikmatga aylangan rashk ham.

Dengizlar mohiyat yaratar, daryo

Aql nurlaridan toshadi koʻrkam.

Mening olamimda biz abadiymiz,

Taqdir ham yoʻq unda, unda yoʻq vaqt ham.

Mening olamimda bir pokizalik,

Oddiylik nuri-la yasanar xurram.

Mening olamimning boshlanishi yoʻq,

Demak koʻrinmaydi uning oxiri.

U yaratilgan men tugʻilmasimdan,

Unda jamdir ishqning taqdiri.

Soʻz bilan hayratni chizib berolmam,

Soʻz bilan chizolmam muhabbatni ham.

Bir tomchi shudringda dengiz koʻrinsa,

Bir dona lolada yer kurrasi jam.

Tush sehri

Quyosh buncha erta ufqqa shoshilar,

Tushlarimning siri yashar shafaqda.

Jiyda gullarining atri sochilar:

Qirlarga, yoʻllarga, atrofga.

Jiyda gullariday oltin rang nurlar,

Jiyda barglariday kumush rang osmon.

Olamga yoyilgan xushboʻy atirlar,

Koʻngil osoyishta, umid bearmon.

Jiydalarning mayda gullari asta

Qoʻngʻiroqchalarin chalar yoʻllarda.

Ishongim keladi gul xushboʻylari

Asraydi yurakni zulmat tunlardan.

Jiydali xush oqshom uyquga ketar,

Bir shirin tushlarga boshini qoʻyib.

Oʻtadi, oʻtadi, bu kun ham oʻtar,

Yurak devoriga dardini oʻyib.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер