“Tandir toʻla yopildi non...”

11:36 04 Avgust 2025 Jamiyat
258 0

Bugungi kunda Buvayda tumanida ota-bobolardan meros hunarni mehr bilan davom ettirayotgan sulolalar koʻpchilikni tashkil etadi. “Doʻstlik” mahalla fuqarolar yigʻini hududida istiqomat qiluvchi tajribali tandirchi usta Sayfiddin Toshmatov shulardan biri hisoblanadi. U bobomeros hunarni bugungi kunda nabiralariga qunt bilan oʻrgatmoqda.

— Bolaligimdan otamning yonida yurib, tandir yasashni oʻrganganman, —deydi otaxon. — Bu hunar menga otam, otamga otasidan meros. Shu bois ishimni juda ham yaxshi koʻraman.

Aytish joiz, tandir har bir xonadonga qut-baraka, fayz va albatta mehr-oqibat tuygʻularini olib kiradi. Shukrki, bugungi dorilamon kunlarda xonadonlarda har kuni tandir toʻla non yopiladi. Novvoylarimiz non yopishni sanʼat darajasida yuksaltirishdi.

Fargʻona vodiysida toʻylar oldidan xonadonda yangi tandir qurish yaxshi anʼana sifatida saqlanib qolgan. Xalqimizning xonadonda toʻy boʻlsa, tandir-oʻchoq suyunarmish, degan gapi bejiz aytilmagan, axir.

Tandirchi ustaning maʼlum qilishicha, kuniga kamida 5-6 ta tandir sotishadi. Ayni paytda 15-25 dona non sigʻadigan tandirlarga talab katta. Shu bilan birga, novvoylar 70 donagacha non sigʻadigan tandirga ham buyurtma berishadi. Mamlakatimizning deyarli barcha hududlaridan buyurtmachilar borligi eʼtiborga molik.

— Hozirda nabiram Jamoliddin tandirchi usta sifatida tanilib qoldi, — deya otaxon suhbatimizni davom ettiradi. — Demak, sulolamiz faoliyati bardavom. Oddiy loydan moʻjizalar yaratishda davom etamiz.

Botir MADIYOROV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер