Taʼlim maskanlaridagi bayram kayfiyati
Foto: Xalq so‘zi
Bugun respublikamiz taʼlim maskanlarida yangi oʻquv yili boshlandi. Ushbu sana munosabati bilan oʻquv muassasalarida “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostidagi mustaqillik darslari boʻlib oʻtdi. Andijon viloyatida yangi oʻquv yili oldidan viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov toʻgʻridan-toʻgʻri efir orqali ustozlar va oʻquvchilarga tabrik yoʻlladi. Unda viloyatda yosh avlodni tarbiyalasha uchun yaratilgan sharoit va kelgusi rejalar ham tilga olindi. Maʼlum qilinishicha, bu yil viloyatdagi 762 ta umumtaʼlim maktablarida 596 ming 803 nafar oʻquvchi tahsil oladi. Ularning 67 ming 400 nafarini 1-sinf oʻquvchilari tashkil etadi.

— Quvonchim nihoyatda cheksiz, — deydi Andijon shahrida istiqomat qiluvchi Nasibaxon Ahmedova. — Qattiq hayajondaman! Boisi, farzandim Xumoyunjon bu yil Andijon shahridagi 24-umumtaʼlim maktabining 1-sinfiga qabul qilindi. Oʻzim ham shu maktabda taxsil olganman. Oradan oʻtgan davr mobaynida maskanda katta oʻzgarishlar yuz beribdi. Sport zali, oshxona va faollar xonasi yangilanibdi. Stadionda barcha sharoitlar muhayyo. Kutubxonada kerakli adabiyotlarni topshi mumkin. Oʻgʻlimning kelajagidan koʻnglim toʻq!
Aytish joiz, bu yil 18 ta maktabda oʻquvchilar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan boʻlsa, 4 ta maktab binosi yangitdan barpo etildi. Jumladan, Asaka tuman xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 59-umumiy oʻrta taʼlim maktabining boshlangʻich sinflari uchun 660 oʻrinli qoʻshimcha oʻquv binosi qurib, bitkazildi. 7.5 milliard soʻmlik ushbu loyiha maktab oʻquvchilari uchun haqiqiy bayram sovgʻasi boʻldi.
Paxtaobod tumanidagi 38-umumtaʼlim maktabining boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun moʻljallangan binosi 310 oʻrinli boʻlib, bolalar sonining ortishi hisobiga maktabda qoʻshimcha bino barpo etish kunning muhim vazifasiga aylangandi. Olib borilgan saʼy-harakatlar tufayli 300 oʻrinli yangi binoning qad rostlashi barcha muammoga yechim topdi. Endi “Hayotbaxsh” mahallasida istiqomat qiluvchi oʻgʻil-qizlar ham zamonaviy binoda eng soʻnggi rusumdagi oʻquv qurollaridan foydalana boshladilar.

Yangi oʻquv yili viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarida ham munosib qarshi olindi. Shu oʻrinda aytish mumkinki, viloyatda soʻnggi uch yilda oliy taʼlim muassasalari soni 4 tadan 10 taga yetdi. Prezidentimizning tegishli qaroriga asosan joriy yilda yana bir yangi oliy taʼlim muassasasi — Andijon davlat chet tillari instituti tashkil etildi. Bugun ushbu oliy taʼlim muassasasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etib, barchani yangi oʻquv yilining boshlanishi bilan tabrikladi.
Institutda ushbu oʻquv yilida 9 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida 400 nafardan ziyod, 3 ta magistratura mutaxassisliklariga 24 nafar talabalar qabul qilindi va ularning umumiy soni 4 ming nafardan oshdi. Maskanda 1120 oʻrinli yotoqxona barpo etildi. Yigit-qizlar darsdan boʻsh paytlarida bu yerda tashkil etilgan turli toʻgaraklar va kasb-hunarga yoʻnaltiruvchi mashgʻulotlarda ishtirok etishlari mumkin.
Bir soʻz bilan aytganda, Andijon viloyatida yangi oʻquv yili munosib hozirlik bilan kutib olindi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring