Taxiatoshda yangi nasos stansiyasi ishga tushdi
Foto: Xalq so‘zi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 16-iyuldagi farmoyishi asosida manzilli dasturga kiritilgan «Taxiatosh IES»ga suv keltiruvchi kanalga nasos stansiya qurish» loyihasi yakuniga yetkazilmoqda.
Xususan, loyiha doirasida Qoraqalpogʻiston suv xoʻjaligi masʼullari, qurilish tashkiloti vakillari hamda hududdagi fermerlar va mahalla faollari ishtirokida Taxiatoshda yangi nasos stansiyasi ishga tushirildi.

Ushbu obyektning qurilish-montaj ishlari “Bunyodkor Meros” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirildi. Loyihaning umumiy qiymati 7 mlrd. 669 million soʻmdan ziyod boʻlib, obyektda 4 dona nasos agregati qurildi. Shuningdek, nasos agregatlarini boshqaruvchi xodimlarga xizmat uyi barpo etildi.
— Yangi nasos stansiyasining ishga tushishi tumanimizdagi eng ogʻir hududlarning suv taʼminotini yaxshilashga xizmat qiladi, — deydi Taxiatosh tumani irrigatsiya boʻlimi rahbari Adil Nazarov. — Har yilgi vegetatsiya davrida tumanimizdagi “Saraykoʻl”, “Keneges” ovul fuqarolar yigʻinlari, Xoʻjayli tumanining «Sarishungul» va “Jambil” OFYdagi isteʼmolchilardan suv taʼminoti yuzasidan murojaatlar koʻp boʻladi. Nasos stansiya sekundiga 6 kub metr suv chiqarish quvvatiga ega boʻlib, 6 ming gektardan ortiqroq maydonlarni qoʻshimcha suv bilan taʼminlash imkonini yaratadi.
Gʻ. Otajonov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring