Taxiatosh tumanida jami 8,6 mlrd soʻmlik tabiiy gaz oʻgʻirlagan uchta AGTKSH fosh qilindi
Taxiatosh tumanidagi uchta AGTKSHda jami 8,6 mlrd soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqida “Hududgaztaʼminot” AJ xabar berdi.
Unda aytilishicha, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasi hamkorligida Taxiatosh tumanida tabiiy gazdan foydalanish holatlari oʻrganilganda hududdagi bir nechta avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalarida qoidabuzarliklar aniqlangan.
Tumandagi “I. R. 1” va “I. R. 2” MCHJlarga qarashli AGTKSHlar xatlovdan oʻtkazilganda, har ikki “metan zapravka”dagi hisoblash uskunasiga tashqi taʼsir etish holatlari fosh qilingan. Aniqlangan holatlar yuzasidan dalolatnomalar tuzilib, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 2 milliard 468 million soʻm hamda 2 mlrd 330 mln soʻmlik zararlar qayd etilgan.
Bundan tashqari, tuman hududida joylashgan “T. M. S.” MCHJga qarashli AGTKSHda esa hisoblagichning harorat datchigi koʻrsatkichini oʻzgartirish maqsadida moslamalar oʻrnatilgani maʼlum boʻlgan. Holat boʻyicha dalolatnoma rasmiylashtirilib, dastlabki xulosalarga koʻra, 3 mlrd 831 mln soʻmlik tabiiy gaz hajmlari qayta hisob-kitob qilingan.
Hozirda aniqlangan barcha holatlar boʻyicha toʻplangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring