“Taxiatosh IES”da yongʻin yuz bergani rostmi?

07:35 26 Aprel 2021 Jamiyat
1526 0

25-aprel kuni kechki payt Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiga elektr energiyasi yetkazib berishda uzilish boʻldi. Shu paytdan ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Taxiatosh IESda yongʻin kelib chiqqanligi haqidagi xabarlar ham tarqaldi.

Oradan koʻp oʻtmay Qoraqalpogʻiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan Taxiatosh IESning ochiq tok taqsimlash boʻlimida qisqa tutashuv kelib chiqqanligi sababli bir qancha vaqt elektr energiyasi yetkazib berishda uzilish kelib chiqqanligi, shuningdek, IESda yongʻin kelib chiqmaganligi va jabrlanganlar yoʻqligi maʼlum qilindi.

Ushbu holatda Toʻrtkoʻl, Beruniy va Ellikqalʼa tumanlarining elektr energiyasida uzilish boʻlmadi, - deydi “Qoraqalpoq hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot xizmati rahbari Qallibek Nagmetov. – “Taxiatosh IES” AJda hech qanday yongʻin va shu kabi favqulodda holatlar yuz bermagan. 25-aprel kuni, soat 20:46 da stansiyadagi ochiq taqsimlovchi qurilmada qisqa tutashuv yuz berganligi sababli 1-sonli bugʻ-gaz qurilmasi va 1, 3-sonli turbogeneratorlar avtomatik himoya tizimining ishga tushishi natijasida oʻchib qolgan. Mazkur voqea tufayli energouskunalarga hech qanday talofat yetkazilmagan. Soat 21:23 da stansiyada ochiq taqsimlovchi qurilmaning ish faoliyati tiklangan. Bundan tashqari, energobloklar bosqichma-bosqich ishga tushirilib energotizimga ulanmoqda.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, qisqa tutashuv va elektr energiyasida uzilishlarga transformatorga, yaʼni elektr linyalariga qushlarning urilishi sabab boʻlganligi aytilmoqda.

Hozirgi paytda Nukus shahrida elektr taʼminoti tiklandi va boshqa hududlarga ham elektr energiyasi yetkazishning barcha choralari koʻrilmoqda.

Gʻ.Otajonov,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер