Tailand qiroli mulozimlari va kanizaklari bilan birgalikda koronavirusdan qochib, Germaniyaga ketib qoldi
Tailand qiroli Maxa Vadjiralongkorn oʻz mulozimlari bilan birga koronavirusdan qochib, Germaniyaga uchib ketdi. U jamoasi bilan Bavariya yerining Garmish-Partenkirxen kurort shahriga yetib borgan. Monarx oʻzini izolyatsiya qilish maqsadida Alp togʻlari etagidagi hashamatli Grand Hotel Sonnenbichl mehmonxonasini toʻliq bron qilib, unga joylashgan.
Bild nemis nashri maʼlumotlariga koʻra, qirol olmon yurtiga 20 kanizakdan iborat haram ahli va koʻp sonli xizmatkorlari bilan tashrif buyurgan. Biroq mehmonxonaga uning toʻrt xotini kelgan-kelmagani aniq emas.
Maʼlumotlarga koʻra, mutasaddilar tomonidan Bavariyadagi mehmon uylari va mehmonxonalar koronavirus tufayli karantinga yopilgan edi. Ammo mahalliy okrug kengashi tay monarxiga ushbu qoidani istisno qilgan va mazkur qarorni “mehmonxonaning ushbu mehmonlari bir guruhdan iborat va ular orasida begonalar yoʻqligi” bilan izohlagan.
Qayd etish joiz, monarx guruhining 119 nafar aʼzosi koronavirusga gumon qilinib, Tailandga qaytarib yuborilgan. Ularda Germaniyaga uchib kelishlari bilan, nafas yoʻllari kasalliklari belgilari aniqlangan.
Tailandda Vadjiralongkornning dunyoning boshqa chekkasidagi mehmonxonaga qochib ketgani haqidagi xabar katta nafrat bilan kutib olindi. Oʻn minglab aholi mamlakatda monarx daxlsizligi toʻgʻrisidagi qonunni ham buzishdan qoʻrqmay, oʻzlariga bunday qirolning nima keragi bor degan savolni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishgan. “Bizga bunday qirolning nima keragi bor?” deya oʻgiriladigan tarjima qilingan taycha xeshteg Tvitterda bir kunda 1,2 million marotaba qayta ulashilgan, yaʼni repost qilingan.
Eslatib oʻtamiz, Tailandda monarxni haqorat yoki tanqid qilganlik uchun 15 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.
Biroq qirolning ushbu harakati jamiyatni unga qarshi jipslashtirdi va koronavirus Tailanddagi monarxiya tizimiga jiddiy zarba berishi mumkinligi aytilyapti.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring