Tadbirkorning 2,9 milliard soʻmdan ziyod mablagʻi sud orqali undirib berildi
Toʻraqoʻrgʻon tumani adliya boʻlimiga hududdagi “Osim qurilish dizayn” xususiy korxonasi nomidan shikoyat kelib tushdi. Gap shundaki, korxona Namangan viloyat hokimligining Yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi buyurtmasiga asosan tumandagi tibbiyot birlashmasi binosida mukammal qayta qurish ishlarini amalga oshirgan. Biroq, ancha vaqtdan buyon 2 946 000 000 soʻm miqdoridagi haqini undirolmay kelayotgan ekan.
Oʻrganish jarayonida daʼvogar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar koʻra, Toʻraqoʻrgʻon tumani tibbiyot birlashmasini mukammal qayta taʼmirlash ishlari 2020-yil investitsiya dasturiga kiritilganligi, mazkur obyektda belgilangan tartibda loyiha-smeta hujjatlari asosida qurilish ishlari toʻliq tugatilib, obyekt foydalanishga topshirilgan. Lekin, tadbirkor bilan toʻliq hisob-kitob qilinmagan. Tuman adliya boʻlimi koʻmagida tadbirkor murojaati yuzasidan Namangan tumanlararo iqtisodiy sudiga fuqaro manfaatini koʻzlab daʼvo arizasi kiritildi. Ish tezkor tartibda koʻrib chiqilib, xususiy korxonaning haqi undirib berildi.
— Har bir murojaatni sinchiklab oʻrganib chiqyapmiz, — deydi tuman adliya boʻlimi boshligʻi Farogʻat Razzoqova. — Masalan, ish yurituvimizga joriy yilning yetti oyi davomida 286 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 257 tasi toʻliq qanoatlantirilgan va shu asosda 34 ta taqdimnoma, sudlarga 3 108 421 soʻmlik miqdorda 33 ta daʼvo arizasi, shuningdek tegishli idoralarga aybdor shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish boʻyicha 31 ta takliflar kiritildi.
Bundan tashqari tasdiqlangan jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish jadvaliga asosan hisobot davrida joylarda 27 marotaba sayyor qabul oʻtkazildi va 207 nafar fuqaroning muammolari joyida hal etib berildi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring