Tadbirkorlikda taʼminot zanjiri boʻyicha inson huquqlariga rioya etilishidagi muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi
Joriy yil 15-dekabr kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda YXHTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan birgalikda davlat tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlari ishtirokida “Tadbirkorlikda taʼminot zanjiri boʻyicha inson huquqlariga rioya etilishini qoʻllab-quvvatlashdagi mavjud muammolar va ularning yechimlari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbir 2023-2024-yillarga moʻljallangan Oʻzbekistonda YXHT loyihalarini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ijrosini taʼminlash hamda “Oʻzbekistonda odam savdosiga qarshi kurashishning milliy institutsional asoslarini yanada rivojlantirishga koʻmaklashish” loyihasini amalga oshirish doirasida oʻtkazildi.
Taʼminot zanjirida inson huquqlarini hurmat qilishni taʼminlash sohasida davlat organlari vakillari va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida tajriba almashish va muloqotni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, ular oʻz faoliyatining turli bosqichlarida inson huquqlariga rioya qilishda duch keladigan qiyinchiliklarning oldini olish masalalari davra suhbati ishtirokchilari eʼtiborida boʻldi.
Mamlakatimizda oxirgi yillarda odam savdosiga qarshi kurashishda tizimli islohotlar amalga oshirilgani, ushbu illatga qarshi kurashish borasida aniq natijalarga erishilgani, sohada mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha xalqaro hamkor tuzilmalar, xususan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan keng koʻlamli ishlar olib borilayotgani taʼkidlandi.
Ushbu tadbirning yana bir muhim jihati, odam savdosiga qarshi kurashishda oʻzaro tajriba almashish va hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, BMTning Inson huquqlari nuqtai nazaridan tadbirkorlik faoliyatining asosiy tamoyillarini amalga oshirish boʻyicha 2023-2025-yillarga moʻljallangan milliy harakatlar rejasi loyihasi yuzasidan amaliy taklif va xulosalar muhokama qilindi.
Tadbir yakunlari boʻyicha Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti doirasida odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha parlamentlar, hukumatlar, tegishli davlat idoralari hamda tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring