Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot: Shtabga eng koʻp qaysi masalalar boʻyicha murojaat kelib tushgani maʼlum qilindi
AOKAda oʻtkazilgan brifingda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi axborot xizmati rahbari Gulshan Botirova mavzu yuzasidan maʼlumot berdi:
“20-avgust kuni ilk marta Oʻzbekiston Prezidentining tadbirkorlar va investorlar bilan ochiq muloqoti boʻlib oʻtdi. Mazkur uchrashuvga tayyorgarlik koʻrish doirasida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda qator masʼul vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda maxsus «Call-markaz”lar va Tadbirkorlar murojaatlarini qabul qilish va tahlil etish Respublika Shtabi tashkil etilgan edi.
Tadbirkorlar murojaatlari 20-iyuldan 10-avgustga qadar “Call-markaz”lar tomonidan qabul qilindi. Ularni tahlil qilish uchun tashkil etish etilgan Respublika Shtabi dam olish kunlarisiz kunu-tun faoliyat koʻrsatdi.
Shtabning 9 ta ishchi guruhi tomonidan tadbirkorlarning faoliyati davomida yuzaga kelayotgan muammolar, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash boʻyicha taklif va tashabbuslar, biznesni kengaytirish va rivojlantirishga doir murojaat va gʻoyalar tahlil etildi. Soʻng, murojaatlar tegishliligi boʻyicha vazirlik, idora, xoʻjalik birlashmalari, tijorat banklari hamda mahalliy hokimliklarga yetkazildi.
Kelib tushgan murojaatlar boʻyicha Ishchi guruhlar tadbirkorlar bilan bogʻlanib, individual xarakterga ega boʻlgan masalalarni hal etish choralari koʻrildi. Xuddi shuningdek, viloyatlarda ham hududiy Shtablar tashkil etilib, har bir tadbirkorning murojaati alohida oʻrganildi.
Oʻtgan davr mobaynida Respublika Shtabiga jami 15 309 ta murojaat kelib tushgan. Shundan:
▫️12 140 ta — individual muammolar;
▫️1 236 ta — tizimli muammolar hal etilishi boʻyicha takliflar;
▫️1 804 ta — tashakkurnomalar;
▫️128 ta — boshqa masalalar boʻyicha murojaatlar kelib tushgan.
Ushbu murojaatlarning har birini hal etilish boʻyicha nazorat oʻrnatilib, bugungi kunda 12 mingdan ortiq, yaʼni 92 % masalalar boʻyicha tushuntirish ishlari olib borildi va ijobiy hal etildi.
Murojaatlarning barchasi 16 ta asosiy sohalarga ajratilgan.
Eng koʻp murojaatlar — asosan, biznesni moliyalashtirish, kreditlash va subsidiyalar, yer ajratish masalalari, bino ajratish va xususiylashtirish hamda soliq tizimi boʻyicha kelib tushgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring