Tadbirkorga rostdan ham jarima solinganmi?

20:06 27 Fevral 2020 Jamiyat
1011 0

Yaqinda saytimizda “Tadbirkorga asossiz 86 million soʻm jarima solishdi” sarlavhasida xabar berilgan edi. Andijon viloyat DSB mazkur holatga munosabat bildirdi. Quyida uni eʼtiboringizga havola etamiz:

"Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda “Tadbirkorga asossiz 86 million soʻm jarima solishdi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi. Maqolada “AZIA-STROY” MCHJ (maqolada “Aziya qurilish” MCHJ) rahbarining korxonaga Andijon shahar davlat soliq inspeksiyasi tomonidan asossiz ravishda 86 million soʻm miqdorida noqonuniy jarima solingani bayon etilgan.

DSQ mutasaddilari maqolada bayon etilgan holat yuzasidan oʻrganish olib bordi.

Oʻrganish jarayonida maʼlum boʻlishicha, “AZIA-STROY” MCHJ 2020-yilgacha amalda boʻlgan Soliq kodeksida belgilangan tartibga koʻra, Andijon shahar davlat soliq inspeksiyasiga soliq toʻlovlarini soddalashtirilgan tartibda amalga oshirish toʻgʻrisidagi xabarnomani taqdim etmasdan soliq toʻlovlarini yagona soliqda amalga oshirib kelgan. Natijada, ushbu davrda byudjetga 86,0 mln. soʻm qoʻshilgan qiymat soligʻi hisoblanmasdan qolingani maʼlum boʻlgan.

Aniqlangan kamchilikni bartaraf etish yuzasidan Andijon shahar davlat soliq inspeksiyasi tomonidan joriy yilning 10-yanvar sanasida MCHJga talabnoma yuborilgan. (№18/2-00087-son).

Mazkur talabnomaga jamiyat tomonidan 2020-yil 22-yanvar kuni javob xati taqdim etilgan. Unda jamiyat tomonidan roʻyxatdan oʻtgan sana (23.07.2018y.)da qogʻoz koʻrinishida xabarnoma taqdim etganligi bayon qilingan.

Taqdim etilgan javob xati oʻrganilganda, “AZIA-STROY” MCHJ roʻyxatdan oʻtgan kundan boshlab 15 kun muddat ichida aloqa xati bilan Andijon shahar davlat soliq inspeksiyasiga murojaat qilganligi aniqlandi. Biroq, taqdim etilgan aloqa xati inspeksiyaning “Tashkiliy nazorat” boʻlimidan roʻyxatdan oʻtkazilmaganligi maʼlum boʻldi.

Hozirda jamiyat tomonidan yuqori turuvchi organga ariza bilan murojaat qilinganligini inobatga olgan holda talabnoma boʻyicha keyingi harakat toʻxtatilib, inkasso topshiriqnomasi ijrosi vaqtincha qaytarib olindi.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan oʻtkazilayotgan surishtiruv yakuni boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot beriladi.

Shu oʻrinda maqolada keltirilgan ayrim mavhumliklarni ochiqlab oʻtishni joiz deb bildik.

Maqolada bayon qilinganidek, tadbirkorga jarima solinmagan, unga qoʻshilgan qiymat soligʻi hisoblangan.

Firmaning nomi “Aziya qurilish” MCHJ emas “AZIA-STROY” MCHJ. Soliqqa tortish tizimida “yagona davlat soliq stavkasi” degan jumla yoʻq, “yagona soliq toʻlovi” mavjud.

Bu masala hali toʻliq hal etilmagan. U sud orqali hal boʻladigan ish.

Maqolada keltirilgan korxona ishchilari soni 30 nafar emas. Korxonaning hisobotlari koʻrib chiqilganda, 2018-yil davomida atigi 1 nafar, 2019-yilda esa 6 (shundan 2 nafari rahbar va hisobchi) nafar ishchi rasmiylashtirilganligi maʼlum boʻldi (oʻzingiz oʻylab koʻring, 1 nafar xodim bilan 300 million soʻmlik qurilish ishini amalga oshirib boʻladimi?!).

Maʼlumot uchun, “AZIA-STROY” MCHJ 2018-yil 23-iyulda Andijon shahrida roʻyxatdan oʻtib, qurilish faoliyati bilan shugʻullanib keladi. Jamiyat tomonidan soliq toʻlovlarini soddalashtirilgan tartibda, yaʼni yagona soliq toʻlovida hisoblab, hisobot taqdim etib kelgan".

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер