Tadbirkor oʻzi oʻqigan maktabga 120 oʻrinli sinfxona qurib berdi

17:53 28 Sentyabr 2023 Jamiyat
711 0

Foto: “Xalq soʻzi”

29 – umumtaʼlim maktabi Buxoro viloyati Peshku tumanidagi chekka hudud sanalgan Deycha mahallasida joylashgan. Bilim dargohida yaqin – yaqingacha sinfxonalar yetishmas, shu sababli darslar ikki smenada tashkil etilgandi. Bugina emas, hatto kutubxona uchun xona yoʻqligiga nima deysiz?

Qalovini topsa qor yonar, deganlaridek, maktab rahbariyati qoʻshimcha daromad manbalarini yaratish orqali bu muammoga yechim topdi. Dastlab ikki sotixli issiqxona barpo etildi. Pomidor va bodring yetishtirila boshlandi. Qoʻshimcha daromad hisobidan va hashar yoʻli bilan 2019-yilda maktab uchun kutubxona binosi qurildi. Ziyo maskaniga bilim dargohining sobiq oʻquvchilari tomonidan badiiy adabiyotlar sovgʻa qilindi. 2020-yilda esa moʻjaz suv havzasi barpo etilib, baliqchilik yoʻlga qoʻyildi. Oradan ikki yil oʻtib, taʼlim muassasasida tashkil etilgan tadbirkorlik ishlaridan kelgan daromad va homiylik yordamida 60 oʻrinli oshxona qurildi. Muammolar shu tariqa birin-ketin barham topa boshladi.

Eng katta muammoni hal etishni esa esa maktabning sobiq oʻquvchisi, tadbirkor Oybek Namozov zimmasiga oldi. Yaqinda u tomonidan ajratilgan 1 milliard 236 million soʻm mablagʻ evaziga 120 oʻrinli sinf xonalar hamda oʻqituvchilarga moʻljallangan toʻrtta xona qurilib, jihozlangan holda foydalanishga topshirildi. Maktab jamoasi, oʻquvchilar, ota-onalari bu muruvvatli tadbirkordan behad minnatdor ekanini izhor etishmoqda.

Eʼtiborlisi, maktab oʻquvchilari ham bu kabi eʼtibor va gʻamxoʻrlikka munosib boʻlishga, ustozlari ishonchini oqlashga intilishmoqda. Chunonchi, joriy yilda maktab bitiruvchilarining 84 foizi nufuzli oliy oʻquv yurtlari talabasi boʻlishib, bu borada tumanda birinchilikni qoʻlga kiritgani tahsinga sazavor.

— Xalqimiz “Hamjihatlikda baraka bor”, deya bejiz aytmaydi,— deydi maktab direktori Nodirjon Safoyev 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kunini munosib kutib olishayotganini taʼkidlar ekan. — Yutuqlarimiz zamirida jamoamizdagi ahillik, ishga masʼuliyat bilan yondashuvi yotibdi, desam adashmayman. Maʼnaviyatli, maʼrifatli tadbirkor homiylarimiz, sobiq oʻquvchilarimiz baraka topishsin.

  Maktab rahbarining qayd etishicha, bugungi kunda taʼlim samaradorligini oshirish, oʻquvchilarning chuqur bilim olishlari uchun zarur imkoniyatlar yaratilgan. Deylik, 5-6-7- sinf oʻquvchilari uchun matematika fanidan qoʻshimcha darslar tashkil qilingan. Saxovatpesha homiylar tomonidan oʻquvchilarning 12 million soʻmlik oylik toʻlovlari toʻlab berilmoqda. Shuningdek, har chorakda     1- sinfdan 11- sinfgacha eng yuqori ball toʻplagan aʼlochi oʻquvchilar maktab maʼmuriyati va homiylar koʻmagida pul mukofoti bilan ragʻbatlantirilyapti.

Maktabda kitobxonlik madaniyatini oshirish yuzasidan ham ibratli ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Joriy yil mart oyidan boshlab, oyma-oy bir nomdagi badiiy adabiyotni uchta sinf oʻquvchilariga oʻqishga tavsiya etish tajribasi yoʻlga qoʻyildi. Oy oxirida oʻqilgan kitob boʻyicha oʻgʻil-qizlarning bilimi, fikrlash qobiliyati, nutqini hayʼat aʼzolari test va suhbat jarayonida oʻrganishadi. Oʻqilgan adabiyot mazmunini eng yaxshi oʻzlashtirgan, ravon nutq bilan soʻzlab bergan oʻquvchi ragʻbatlantirilmoqda.Taʼlim-tarbiyadagi bu kabi yondashuvlar yosh avlod aqlu tafakkurini charxlab, maktab jamoasi yutuqlariga qanot boʻlmoqda.

Hurmat SHAROPOVA,

Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер