Tadbirkor huquqlarining himoyasi yoʻlida

18:41 07 Avgust 2024 Jamiyat
421 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Sherobod tumanidagi Doʻstlik mahallasi hududida “Xolmurod bobo baraka” fermer xoʻjaligini tashkil qilgan Muzaffar Eshmoʻminovga 2018-yilda tuman hokimining qarori bilan qariyb 33 gektar yer maydoni 30-yilga ijaraga berilgandi. 2019-yil 24-yanvar kuni Sherobod tumani hokimining qarori bilan hech bir asossiz ijaraga olish shartnomasi bekor qilinib, yer maydoni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarildi. Shundan keyin huquqlari buzilgan fermerning bu masala boʻyicha murojaat qilmagan idorasi qolmadi hisob.

— Sababsiz yerni tortib olishdi, ikki yil sarson boʻldim. Shunga qaramasdan haqiqat yoʻlida kurashni toʻxtatmadim, — deydi M. Eshmoʻminov. — Menga Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining Surxondaryo viloyatidagi shoʻbasi qanot boʻldi. Ushbu masala bir oyga qolmasdan ijobiy hal etilib, yerni qaytarib olib berishdi. Bugungi kunda fermerlik faoliyatimni hech bir toʻsiqsiz davom ettiryapman. Ishimga unumdorlik, baraka kirdi, ishtiyoqim oshdi. Dalaga yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasini oʻrnatdik. Bu yil 20 gektar gʻalla ekib, gektaridan 55 sentnergacha hosil oldik. 10 gektar maydonda paxtaning serhosil navini parvarishlayapmiz. Hosilni 50 sentnerdan moʻljallab turibmiz. Hozir xoʻjaligimizda 10 ta doimiy ish oʻrni mavjud. 50-60 nafar odamni mavsumiy ish bilan taʼminlaymiz. Gʻalladan boʻshagan yerga koʻkat, karam, dukkakli oʻsimliklar ekdik. Biz tadbirkorlarning huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirgan Prezidentimizdan minnatdorman.

Darhaqiqat, mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, iqtisodiyotda davlat ulushini bosqichma-bosqich kamaytirishga qaratilgan aniq manzilli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili institutini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Farmoni bu borada muhim ahamiyat kasb etdi. Ushbu institut tadbirkorlik subyektlari va davlat organlari oʻrtasidagi samarali muloqotning yangi mexanizmlarini joriy qilishga, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan davlat himoyasining qoʻshimcha kafolatlarini yaratishga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda Surxondaryo viloyatida 33 mingdan ziyod tadbirkorlik subyektlari faoliyat yuritmoqda. Ish bilan band aholining 75 foizi hamda byudjet daromadlarining 60 foizi aynan xususiy tadbirkorlik subyektlari hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

— Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 145 ta murojaat kelib tushdi, — deydi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining Surxondaryo viloyatidagi shoʻbasi inspektori Ziyodilla Ortiqov. — Ushbu murojaatlarning 60 tasi ijobiy hal etildi, 85 tasiga huquqiy tushuntirish berildi. Murojaatlar asosida 4 ta daʼvo arizasi tayyorlanib, sudlarga taqdim etilishi ortidan tadbirkorlarning huquqlari tiklandi. Shuningdek, bunday murojaatlar bilan ishlashda qonun talablarini buzgan 53 nafar mansabdor shaxsga maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilishi taʼminlandi. Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlarida noqonuniy tekshiruvni amalga oshirgan hamda tekshirish tadbirini buzgan 43 nafar mansabdor shaxsga maʼmuriy bayonnoma tuzildi.

Muxtasar aytganda, tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha tatbiq etilayotgan chora-tadbirlar iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan tadbirkorlik subyektlari manfaatlari ustuvorligini amalda taʼminlamoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер