Tabiiy resurslardan samarali foydalanish ustuvor yoʻnalishlardan biri

17:51 21 Dekabr 2022 Jamiyat
2176 0

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasini tom maʼnoda mamlakatimiz taraqqiyoti uchun turtki beruvchi tarixiy voqelik deyish mumkin.

Chunki, davlatimiz rahbari oʻzining murojaatida davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, ijro va sud hokimiyati oldida turgan ustuvor vazifalar hamda ularning ijrosini taʼminlash boʻyicha aniq mexanizmlarni taʼkidlash bilan bir qatorda ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasiga ham toʻxtalib oʻtdi.

Yurtboshimiz tomonidan atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda aholi salomatligini saqlash sohasida kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar belgilab berildi. Xususan, ekologiya, ayniqsa suv masalalari global muammoga aylanib borayotgani haqida soʻz yuritilar ekan, biz nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlarni ham oʻylashimiz shartligi qayd etildi.

Suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida Amudaryo oʻzanida yangi kanal qurilishi boʻyicha qoʻshni Afgʻonistonning muvaqqat hukumati hamda jahon hamjamiyati bilan birga, xalqaro meʼyorlar asosida va mintaqaning barcha davlatlari manfaatlarini inobatga olish yuzasidan amaliy muloqotlar olib borish lozimligi taʼkidlandi.

Ekologik muammolarni bartaraf etishda mahallaning rolini kuchaytirish lozimligi, tabiatni asrab-avaylash, suv, havo va atrof-muhitni toza tutish kelasi yilda har bir mahalla aholisining madaniyati va amaliy harakatiga aylanishi kerakligini taʼkidladi.

Ekologik holatni yanada yaxshilash uchun ekologiya va atrof-muhitni asrash boʻyicha saʼy-harakatlar, xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar kuchaytirilishi lozimligi qayd etildi.

Shu oʻrinda yurtboshimiz tashabbusi bilan oʻtgan yili noyabr oyidan boshlab keng koʻlamda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2021-yil kuz mavsumida 85 mln. dona, joriy yilning bahor mavsumida 126,4 mln. kuzgi mavsumda 76 mln. dan ortiq daraxt va buta koʻchatlari ekildi.

Keyingi besh yilda 1 milliard daraxt va buta koʻchatlari ekilishi ham shaharlarimizga, mahallalarimizga fayz bagʻishlovchi yashillikka burkangan yangi yashil hududlar barpo etilishi bilan birga, yurtimiz iqlimini moʻtadil saqlashga, pirovardida ona tabiatimizni asrash, aholimiz salomatligini yaxshilash, xalqimizning farovonligini taʼminlashga xizmat qilishi, shubhasiz.

Darhaqiqat, suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida amalga oshirilgan ishlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, suv resurslarini samarali boshqarish, suv tejaydigan va raqamli texnologiyalarni joriy etish, irrigatsiya tadbirlarini amalga oshirish, yerlarni lazerli tekislash, agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirish hisobiga joriy yilning toʻqqiz oyi mobaynida 5,5 mlrd.m3 suv tejalishiga erishilgan.

Shuningdek, keyingi besh yilda jami 642,4 ming gektar, jumladan, 308,6 ming gektarda tomchilatib, 14,7 ming gektarda yomgʻirlatib, 10,6 ming gektarda diskret sugʻorish texnologiyalari va 78,8 ming gektarda egiluvchan quvurlar, 20,9 ming gektarda egatga plyonka toʻshab sugʻorish texnologiyalari joriy qilingan. Umuman olganda, tabiiy resurslardan samarali foydalanish bugungi kundagi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

Shu bilan birgalikda Murojaatnomada aholining energiya resurslariga boʻlgan talabini qondirish maqsadida yirik loyihalarni amalga oshirish bilan bir qatorda aholi uchun kichik hajmdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni keskin oshirish masalasi ham alohida qayd etildi. Bu borada aholining ehtiyojmand qatlamini subsidiyalash instituti orqali qoʻllab-quvvatlash mamlakatimizda “inson qadri uchun” tamoyilining amaldagi yaqqol isbotidir.

Murojaatnomada belgilab berilgan ustuvor yoʻnalishlar sohalar rivojiga turtki berishi bilan bir qatorda, mamlakatimizning barqaror taraqqiyotini taʼminlashga, pirovardida aholining turmush farovonligi oshishiga, ekologik barqarorligi taʼminlanishiga xizmat qiladi.
Xayrullo GʻAFFOROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, Oʻzbekiston ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер