Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi Qonunga qanday oʻzgartirishlar kiritilmoqda?
Joriy yilning 27-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muammolarni hal etish va ularning salbiy oqibatlarini bartaraf qilish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Butun mamlakat miqyosida samarali amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi, daraxtlar va butalarnining qonunga xilof ravishda kesilishini oldini olishga qaratilgan qonun hujjatlarining qabul qilinayotganligi shular jumlasidandir.
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi tomonidan ham mamlakatning barqaror rivojlanishiga, ekologik xavfsizligiga erishish, hozirgi va kelajak avlod uchun qulay atrof muhitni yaratish hamda tabiiy resurslarni saqlashga yoʻnaltirilgan davlat siyosatini roʻyobga chiqarishni taʼminlash asosiy dasturiy maqsad va vazifalardan biri safatida belgilab olingan.
Maʼlumki, Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablaridan kelib chiqib, shuningdek mamlakatimizda amalga oshirilgan maʼmuriy islohotlar doirasida Tabiat resurslari vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiga aylantirildi va uning vakolatlari, vazifa va funksiyalari, faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari belgilandi.
Yigʻilishda qayd etilganidek, muhokama etilgan qonun loyihasi bilan “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga tegishli oʻzgartirishlar kiritish, xususan, vazirlikning nomi, vazifa va funksiyalarini qonun hujjatlarida belgilash taklif etilmoqda.
Muhokamalarda deputatlar tomonidan qonun loyihasini takomillashtirishga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berildi.
Qizgʻin bahs munozaralarga boy oʻtgan yigʻilishda qonun loyihasi fraksiya aʼzolari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Yigʻilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring