Tabiatga zararli taʼsir koʻrsatayotgan obyektlar faoliyatini cheklash va toʻxtatib qoʻyish mezonlari qayta koʻrib chiqilmoqda

11:43 28 Noyabr 2023 Siyosat
153 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar ekologik holatni yanada yaxshilashga qaratilgan — “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqmoqda.

Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlikni taʼminlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda sanitariya va ekologik holatni yaxshilash boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Biroq qurilish, ishlab chiqarish va urbanizatsiya koʻlamining kengayishi atrof tabiiy muhitga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining keskin ortishiga sabab boʻlmoqda. Shunga koʻra, atrof tabiiy muhitning normativdan ortiq darajada ifloslanishining oldini olish maqsadida tabiatga zararli taʼsir koʻrsatayotgan obyektlar faoliyatini cheklash va toʻxtatib qoʻyish mezonlarini qayta koʻrib chiqishni taqozo etmoqda.

Mazkur qonun loyihasi bilan esa qonun hujjatlariga atrof tabiiy muhitni normativdan ortiq darajada ifloslantiruvchi korxonalar, tashkilotlar, inshootlar va boshqa obyektlar faoliyatini oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga cheklashni hamda toʻxtatib turishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Deputatlarning taʼkidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda ekologik holatni yanada yaxshilash, aholining hayoti va sogʻligʻiga xavf yuzaga kelishining oldini olish, shuningdek vakolatli davlat organlarining ushbu yoʻnalishdagi masʼuliyatini oshirish imkonini beradi.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер