“Suvdan qarzimiz yoʻq, lekin arzimiz bor...”

16:58 11 Oktyabr 2023 Jamiyat
502 0

Aholini markazlashgan holda ichimlik suvi bilan taʼminlash eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda, bugun mamlakatimizda bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada koʻplab chekka hududlarga ham obihayot yetib boryapti.

Binobarin, tizimidagi ishlarni yuqori bosqichga koʻtarish, markazlashgan suv taʼminotiga ega boʻlgan hududlar qamrovini yanada oshirish esa koʻp jihatdan aholining suv uchun belgilangan toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirishiga ham bogʻliq. Ammo baʼzan negadir suvdan qarzi yoʻqlarning arzi koʻpayib bormoqda.

Shunday bir murojaat asosida “Qashqadaryo suv taʼminoti” MCHJning Qarshi tumanidagi boʻlimida boʻldik. Erta tongdan bu yerda juda koʻp odam yigʻilgan. Ularning aksariyati bir masala — nomiga yozilgan qarzdorlik suv hisoblagichdagi raqamlarga muvofiq emasligini hal etish uchun kelishgan. Yaʼni ortiqcha qarzdorlik qayerdan kelganiga ular hayron. Axir suv hisoblagich adolatli “hakam” vazifasini oʻtaydiku! Kompyuterga noreal raqamlarni kim joylashtirgan. Asosiy muammo shunda edi.

— Bitta hovlini farzandlarim uchun olib qoʻyganman, — deydi tumanning Batosh mahallasida yashovchi Sayyora Sharipova. – U yerda hozir hech kim yashamaydi. Shunga qaramay, suv uchun hisoblagich oʻrnatib, barcha hujjatlarini rasmiylashtirganmiz. Hisoblagich koʻrsatkichi boʻyicha toʻlovlarni ham amalga oshirganmiz. Biroq oxirgi uch oy ichida suvdan umuman foydalanmagan boʻlsakda, 500 ming soʻmdan ortiq qarzdorlik chiqibdi. Bu qarzdorlik qayerdan paydo boʻlib qoldi?!

Murojaatchilarda bu kabi savollar koʻp, boʻlimda esa ularning savollariga asosli javob qaytaradigan biror masʼul yoʻq edi. Oʻzini operator, deb tanishtirgan Shuhrat Roʻziyevning tushuntirishicha, bu “baza”ning ishi.

—Isteʼmolchi hisoblagichni oʻrnatgach, uning koʻrsatkichlarini har oy uzsuv.uz sayti orqali bazaga kiritib borishi kerak, — deydi u. – Agar bir oydan oshiq vaqt davomida hisoblagich koʻrsatkichi bazaga kiritilmasa, unda baza abonentga avtomatik ravishda avvalgi oylardagi oʻrtacha koʻrsatkich asosida suv isteʼmolini yozadi. Buni odamlarimiz tushunmayapti. Suvdan foydalanmagan taqdirda ham hisoblagichning koʻrsatkichini har oy uzsuv.uz sayti orqali yoki bevosita boʻlimga murojaat qilib, bazaga kiritib borishi kerak. Boʻlmasa, baza avtomatik tarzda uning hisobiga suv isteʼmolini qoʻsha boshlaydi.

Albatta, sayt orqali oʻz “shaxsiy kabineti”ga kirib, hisoblagich koʻrsatkichlarini u yerda qayd etish hammaning ham qoʻlidan kelmasligi yoki bunga imkoni yoʻq boʻlishi mumkin. Har oy hududiy suv taʼminoti boʻlimiga kelib, hisoblagich koʻrsatkichini qayd ettirib ketishga ham kimdir vaqt topmaydi, kimningdir yodidan koʻtarilib ketadi. Ana shunday vaqtda ularga isteʼmol qilmagan suvi uchun ham toʻlov yozadigan “baza”ning ishini esa tushunish qiyin.

Tumanning Toʻraqul qishlogʻida yashovchi yana bir guruh aholining eʼtirozi esa “baza” emas, balki tuman suv taʼminoti boʻlimi xodimlaridan.

Ularning aytishicha, hududga markazlashgan quvur orqali suv talab darajasida bormay qoʻygach, 2016-yilning 1-yanvaridan tarmoqdan uzilib, suvni sotib olib ichishga oʻtgan. Bu haqda oʻsha vaqtda tuman suv taʼminoti boʻlimiga yozma ravishda maʼlum qilishgan. Boʻlim xodimlari borib, bu haqda tegishli dalolatnomalarni rasmiylashtirgan ham. Lekin oradan 3 yil oʻtib ularga suv isteʼmolidan qarzdorligi, toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirmasa, tegishli tartibda jarimaga tortilishi haqida talabnoma keladi.

Yana ichilmagan suv uchun yugur-yugur, ovoragarchilik. Ular tuman suv taʼminoti boʻlimiga murojaat etishadi. Boʻlimdan hududga biriktirilgan vakil ishtirokida ularning markazlashgan suv tarmogʻidan uzilgani, qarzi yoʻqligi haqida dalolatnomalar tuzilib, belgilangan qarzdorlik noreal qarzdorlik sifatida eʼtirof etiladi.

Qizigʻi, bu hol hali-hamon davom etib kelmoqda. Aholi har yili oʻzlarining markazlashgan suv taʼminotiga ulanmagani, oʻzlariga hisoblangan qarzdorlik esa asossiz ekanligini isbotlash bilan ovora. Buning uchun ularning ketayotgan vaqti, mablagʻi, asabbuzarliklarini esa tushunish qiyin emas.

Afsuski, bu holatga na tuman suv taʼminoti boʻlimi rahbari, na boʻlim bosh muhandisidan joʻyali javob ololdik. Ular holatni obdon oʻrganib koʻrishlari kerakligini aytish bilan cheklanishdi. Boʻlimdan Toʻraqul qishlogʻiga biriktirilgan vakil – Javohir Jabborov esa haqiqatan ham roʻyxatdagi fuqarolarning markazlashgan suv taʼminotidan uzilganini inkor etmadi.

— Toʻgʻri, 2016-yilda bu xonadonlar tarmoqdan uzilgan, — deydi u. – Biroq, keyin nazorat Majburiy ijro byurosiga oʻtgach, ular roʻyxatni bizdan olib, bazaga kiritishgan. Natijada roʻyxatdagi “muzlatilgan” isteʼmolchilar ham bazaga kiritib yuborilgan boʻlishi mumkin. Endi ularni bazadan chiqarish uchun esa bizga rasman ariza bilan murojaat qilishi, shundan soʻng tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, “Qashqadaryo suv taʼminoti” MCHJga yuborilishi kerak. Boʻlimning oʻzida esa biror-bir isteʼmolchini bazadan chiqarish imkoni yoʻq.

Qiziq tomoni, aynan Javohir Jabborovning oʻzi muammodan xabardor. Bundan oldin ham ushbu murojaatchilarning tarmoqdan uzilganligi, ularga hisoblangan qarzdorlik noreal ekanligi toʻgʻrisidagi dalolatnomalarga imzo chekkan. Biroq aholi bu haqda boʻlimga rasman ariza bilan murojaat qilmagani uchun, muammo davom etib kelayotgan emish.

Bu bizning kuzatganimiz — “Qashqadaryo suv taʼminoti” MCHJning Qarshi tuman suv taʼminoti boʻlimidagi gaplar. Biroq bu muammo boshqa hududlarga ham begona emas. Kimdir haqiqatan yetkazib berilgan ichimlik suvi haqini oʻz vaqtida toʻlamayotgan boʻlsa, aslida isteʼmol qilmagan suvi uchun nomiga yozilgan qarzdorlikni yopa olmay ovora boʻlib yurganlar ham koʻp.

Muammoni oʻrganish chogʻida katta yoshli bir onaxonning gaplari eʼtiborimizni tortdi:

— Mana, svet bilan gaz muammo boʻlmayaptiku, ishlatganimizga yarasha pulini toʻlayapmiz, hammasi ochiq-oydin, hisob-kitobli, suvniki esa doim muammo, ؙ—deya eʼtiroz bildirdi u.

Haqiqatan ham, elektr va tabiiy gaz taʼminotida onlayn hisoblagichlarga oʻtilgach, bu boradagi muammolarga barham berildi. Ichimlik suvi taʼminotida esa bugungi toʻlov tizimi oʻzini oqlamayotgan ekan, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ masʼullari sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish haqida bosh qotirishi zarur, nazarimizda. Toki, biror kishi ichmagan suvi uchun badal toʻlashga majbur boʻlmasin.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер