​​​​​​​Suvdan oqilona foydalanaylik

19:36 16 Mart 2023 Jamiyat
1122 0

BMT maʼlumotiga koʻra, dunyo aholisining qariyb 40 foizi toza ichimlik suvi yetishmaydigan hududlarda yashaydi. 2025-yilga kelib har 10 kishidan 6 nafari yoki 5,5 milliard aholi chuchuk suv tanqisligidan aziyat chekishi mumkin. Yuqumli kasalliklarning 80 foizdan ortigʻi aynan ichimlik suvi sifatining pastligi hamda suv taʼminotida sanitar-gigiyenik qoidalarning buzilishi bilan bogʻliq. Tabiiyki, bu global muammo insoniyatning toʻkis hayot kechirishiga, kelajak taraqqiyotga oʻz taʼsirini oʻtkazadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi tomonidan 22-mart — Butunjahon suv resurslari kuniga bagʻishlab “Suv resurslari va ulardan foydalanishdagi ustuvor vazifalar” mavzuida amaliy seminar tashkil etildi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, sohani boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, suv xoʻjaligi obyektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilayotir.

Davlatimiz rahbari tomonidan sohani rivojlantirishga qaratilgan qator farmon va qarorlar qabul qilinib, ularni ijro etishning aniq mexanizmlari belgilab berildi. Xususan, 2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi suv xoʻjaligi obyektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirishda, sohaga bozor tamoyillari, mexanizmlari, shuningdek, raqamli texnologiyalarni keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Taʼkidlanganidek, 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi 31-maqsadida suv resurslarini boshqarish tizimini tubdan isloh qilish va suvni iqtisod qilish boʻyicha alohida davlat dasturini amalga oshirish, jumladan, suv resurslaridan samarali foydalanish hisobiga kamida 7 mlrd. kub metr suvni iqtisod qilish, suv xoʻjaligi obyektlarida elektr energiyasi isteʼmolini kamaytirish, soha obyektlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida boshqarish boʻyicha vazifalar belgilandi.

Maʼruzachilarning bildirishicha, yuqorida keltirilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan suvni iqtisod qilish maqsadida oʻtgan yilda 463,7 ming gektar, shu jumladan, 89,8 ming gektar tomchilatib, 16,2 ming gektar yomgʻirlatib va 5,7 ming gektar maydonda disket sugʻorish texnologiyalari joriy qilingan. 243,0 ming gektar ekin maydonlari lazer uskunasi yordamida tekislanib, suvdan foydalanish samaradorligi oshirilgan. Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida jami 7 mlrd. kub metr suv tejalishiga erishilgan.

Respublika hududida shakllanadigan suv resurslari transchegaraviy daryolarga bogʻliqligi, iqlim oʻzgarishi, ehtiyojning ortishi suv tanqisligi kelib chiqishining oldini olish borasida kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrishni taqozo etmoqda. Xususan, soʻnggi 15 yilda yogʻingarchilik 25 foizga qisqarganligi, yozda oʻta issiq kunlar davomiyligi ortgani oldimizda hali katta sinovlar borligidan dalolat beradi.

Shuningdek, ekin maydonlarining asosiy qismida hanuzgacha eskicha uslubdagi sugʻorish tizimi qoʻllanilib kelinayotganligi hamda suvni tejaydigan texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha ishlar yetarli darajada tashkil etilmaganligi natijasida asosiy manbalardan olinadigan suvning 35-40 foizi sugʻorish tarmoqlarida yoʻqolmoqda. Fermer xoʻjaliklarining sugʻorish tarmoqlari asosiy qismi tuproq oʻzanli boʻlib, ularda suvning filtratsiya hisobiga yoʻqolish salmogʻi yuqoriligicha qolmoqda.

Jahon banki ekspertlariga koʻra, 2050-yilga borib Sirdaryo havzasida suv resurslari 5 foizgacha, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda. 2050-yilda Markaziy Osiyoda chuchuk suv taqchilligi yalpi ichki mahsulotning 11 foizga pasayishiga olib kelishi mumkin.

Yigʻilishida bildirilgan fikr-mulohazalar asosida vazirlik va idoralarga suv havzalari va yerosti suv zaxiralarini muhofaza qilish boʻyicha talablarni kuchaytirish, transchegaraviy suv resurslaridan xalqaro meʼyorlar asosida, mintaqaning barcha davlatlari manfaatlarini inobatga olgan holda foydalanish, suvning hisobini ochiq-oshkora yuritish tizimini joriy etish, suv xoʻjaligi obyektini raqamlashtirish, nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish hamda muqobil energiyaga oʻtkazish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.

Tadbir yakunida xalq vakillari tomonidan sohaga oid qonunlarni takomillashtirish, ularning joylardagi ijrosini nazorat-tahlil faoliyati tartibida oʻrganish boʻyicha vazifalar belgilab olindi.

Seminar qatnashchilari Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi “Agrover” MCHJda qishloq xoʻjaligi klasteri faoliyati, unda joriy etilgan suv tejovchi texnologiyalar bilan ham tanishishdi.

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер