Suv tejovchi texnologiyalar – hosildorlik omili

16:35 28 Dekabr 2022 Jamiyat
863 0

Foto: Xalq so‘zi

Nukus shahrida Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasi tashabbusi bilan qishloq xoʻjaligida suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish holati tahlili va dolzarb masalalar muhokamasiga bagʻishlangan seminar oʻtkazildi. Unda tuman hokimlari oʻrinbosarlari, tijorat banklari masʼullari, taʼminotchi va quruvchi tashkilotlar, klaster, fermer xoʻjaliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Dastavval, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori E. Tadjiyev soʻzga chiqib, mamlakatimizda suv resurslaridan samarali foydalanish zarurati va ahamiyati xususida toʻxtalib oʻtdi. Qoraqalpogʻiston suv xoʻjaligi vaziri A.Reimbayev esa mavzu yuzasidan maʼruza qildi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda kuzatilayotgan global iqlim oʻzgarishi oʻz salbiy taʼsirini koʻrsatib, kam suvli yillar tez-tez takrorlanishiga sabab boʻlmoqda. Shuningdek, aholi sonining oʻsishi, elektr energiya ishlab chiqarish, iqtisodiyotning oʻsishi, qolaversa yangi yerlarni oʻzlashtirish suv resurslariga boʻlgan talabning ortishiga olib kelmoqda. Demak, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish zarur va busiz talab darajasidagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishning imkoni yoʻq.

Seminarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari D.Kaypov suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishda taʼminotchi va quruvchi tashkilotlar, klaster va fermerlar faoliyatidagi kamchiliklarni keltirib oʻtdi. Shundan soʻng qizgʻin kechgan ochiq muloqotda ishtirokchilar oʻz fikr va tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.

— Suv tejovchi texnologiyalarni dastlab qiziqish tufayli joriy qilganman, — deydi Toʻrtkoʻl tumanidagi “Qoʻshnazar-paxtakor” fermer xoʻjaligi rahbari Maxsud Ismailov. — Toʻgʻrisi, xoʻjaligimiz kanal boʻyida joylashgan va sugʻorishda muammo yoʻq edi. Lekin suv cheksiz neʼmat emas. Uni tejash, asrash kerak. Buning uchun esa zamonaviy tejamkor texnologiyalardan foydalanish ayni muddao ekani, bu texnologiyalar hosildorlikni oshirishga ham xizmat qilishini mutaxassislar tushuntirishganidan keyin qiziqishim oshdi. Fermer xoʻjaligimiz urugʻchilikka ixtisoslashgan va oldin ham 40 sentner hosil oladigan fermerlar qatorida turardim. 2021-yil 10 gektar paxta maydoniga tomchilatib sugʻorish texnologiyasini oʻrnatdik, natijada hosildorlik oʻrtacha 55-60 sentnerga yetdi. Joriy yildan 11 gektar gʻalla maydonimizni ham yomgʻirlatib sugʻorishga kirishdik. Albatta, suv tejovchi texnologiyalar haqiqatan samarali va yer egalari ulardan hech ikkilanmay foydalanishlari mumkin..

Seminar doirasida suv tejovchi texnologiyalarni quruvchi pudrat korxonalari tomonidan xizmat koʻrsatish turlari va shartnoma shartlari toʻgʻrisida taqdimotlar oʻtkazildi.

Gʻ. OTAJONOV,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер